AQShda Jo Bayden ma’muriyati va Texas gubernatori Greg Ebbot o‘rtasida jiddiy mojaro yuzaga keldi. Ish AQSh hukumati Texas shtatini sudga berishigacha bordi.

Gap shundaki, Texasning konservator gubernatori Greg Ebbott shtatga migrantlar oqimini kamaytirish uchun federal hukumat ruxsatsiz Meksika bilan chegaradan oqib o‘tuvchi Rio-Grande daryosi o‘rtasidan suzib yuruvchi to‘siqlar o‘rnatishga buyruq bergan. To‘siq daryoning piyoda kesib o‘tish mumkin bo‘lgan sayoz qismiga o‘rnatilgan bo‘lib, noqonuniy migrantlar aynan mana shu sayozlik orqali AQSh chegarasini buzib o‘tadi.

AQSh prezidenti Jo Bayden va Texas gubernatori Greg Ebbott.
Foto: El Paso Times

Professional suzuvchi yoki g‘avvos bo‘lmagan odam esa bu to‘siqlardan suzib o‘tishi amrimahol. Ko‘pchilik AQSh chegarasini oilasi va farzandlari bilan kesib o‘tishi inobatga olinsa, ular uchun bu ish deyarli imkonsiz. Shu bois migrantlar bu to‘siqlarni aylanib o‘tishga urinib ko‘rib, noxushliklarga duch kelmoqda. Chunki to‘siq tugagan joyda daryo chuqurlashib, cho‘kib ketish xavfi ortadi.

Rio-Grande daryosidagi suzib yuruvchi to‘siqlar. / Foto: MSN

Sohilgacha eson-omon o‘tib olganlar uchun esa Texasning respublikachi gubernatori tashabbusi bilan navbatdagi sinov tayyorlab qo‘yilgan: daryo o‘zani to‘laligicha tanani kesuvchi simto‘rlar bilan o‘rab chiqilgan.

Texas jamoat xavfsizligi departamenti vakili Kristofer Olivares Rio-Grande daryosining odamlar ko‘p kesib o‘tuvchi va to‘siqlar qo‘yilgan qismini «strategik muhim joy» deb atagan. Uning iddao qilishicha, to‘siqlar odamlar daryoda cho‘kib ketishining oldini olish uchun ham qo‘yilgan. Ammo aslida to‘siqlar cho‘kish xavfini oshirgan.

To‘siqlar daryo o‘rtasiga olib borishga tayyorlanmoqda.
Foto: AP

AQShning yirik nashrlari Texas chegarachilari Rio-Grande daryosini noqonuniy kechib AQShga o‘tayotgan odamlarni ochiqchasiga suvga itarib yuborgani, chegarani kesib o‘tganlarga esa havo harorati 40 darajadan oshgan vaqtda oddiy ichimlik suvi berishmagani haqida ma’lumot olgan. Lekin Ebbott ma’muriyati gubernator inson hayotiga xavf tug‘diradigan bunday buyruqlar berganini rad etmoqda.