Jahon | 11:42 / 01.08.2023
22596
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvaga yana dronlar hujum qildi

Yana Moskva-Sitidagi osmono‘par binolardan biriga dron urildi.

Yevgeniya Novojyenina / Reuters / Scanpix / LETA

1 avgustga o‘tar kechasi bir necha dron Moskvaga uchib kirishga harakat qilgan, ammo havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyanin xabar qildi.

Dronlardan biri 30 iyulga o‘tar kechasi ham hujumga uchragan Moskva-Sitidagi binolardan biriga kelib urilgan. Natijada binoning 21-qavati hududida fasadga shikast yetgan, 150 kvadrat metr maydondagi xonalar derazalari to‘kilgan. Jabrlanganlar yo‘q.

RF mudofaa vazirligi  «Kiyev rejimi tomonidan uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida Moskva shahri va Moskva oblastidagi obektlarga qarshi terrorchilik hujumi amalga oshirishga urinish»ning oldi olinganini e’lon qildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda ukrainlarning uchta droni ishtirok etgan. Ulardan ikkisi Moskva tashqarisida Odinsovo va Narofominskiy rayonlarida urib tushirilgan. Uchinchisi radioelektron kurash vositalari orqali yo‘ldan og‘dirilgan va u boshqaruvni yo‘qotib, «Moskva-Sitidagi noturar joy binolar hududida qulagan».

TASS ma’lumotiga ko‘ra, dron Raqamli taraqqiyot vazirligi, Iqtisodiy rivojlanish vazirligi hamda Sanoat va savdo vazirligi ofislari joylashgan «IQ-kvartal» osmono‘par binosiga urilgan. Astra nashri aniqlik kiritishicha, hujumga uchragan 21-qavatda RF Iqtisodiy rivojlanish vazirligi joylashgan.

Moskva-Siti osmono‘par binosiga urilgan dron qoldiqlari topilgan va ekspertiza uchun yuborilgan.

Moskvaga dronlar hujumi tufayli Vnukovo aeroporti faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Ikki kun oldin, 30 iyulga o‘tar kechasi ham Moskva-Siti hududidagi osmono‘par binolar dronlar hujumiga yo‘liqqandi. O‘shanda ikki dron hukumat ofislari joylashgan osmono‘par binolar fasadlariga zarar yetkazgandi. Binolardan birida qo‘riqchi jarohat olgan.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Moskva bir necha bor dronlar hujumiga yo‘liqqan. 2023 yil 3 may kuniga o‘tar kechasi ikki dron Kreml hududidagi Senat saroyiga yetib borib, ulardan biri gumbazga urilgan. RF hukumati hodisani «terakt» va prezident Vladimir Putinga suiqasd deb atagan (hujum vaqtida u boshqa qarorgohda bo‘lgan).

30 may tongida uchta dron poytaxt markazidagi Nova Moskva turar joy binolariga zarba berdi. 21 iyun kuni uchta dron Nova Moskva va Naro-Fominsk shahar okrugi hududlarida urib tushirilgandi. 4 iyul kuni bir necha dron Moskvaga kirish vaqtida to‘xtatiladi.

24 iyulga o‘tar kechasi ikki dron aholi yashamaydigan binolarga zarba beradi. Ulardan biri Lixachev prospektidagi yangi qurilayotgan biznes markazga, boshqasi Komsomolskiy prospektidagi RF mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestrining bo‘shab yotgan binosiga urilgan. 28 iyul kuni Troitskiy ma’muriy okrugida bitta dron urib tushirilgan.

Mavzuga oid