O‘zbekiston | 11:00 / 05.08.2023
17270
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir Yashnobod tumanidagi “novostroyka” muammosi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqda

Bosh vazir Abdulla Aripov “Aziya Invest Favorit” MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylardagi xonadonlarni fuqarolarga sotilishi yuzasidan kelib chiqqan nizoli vaziyat qatnashchilarini qabul qildi.

Uchrashuvda mazkur masalani o‘rganish va hal etish bo‘yicha tuzilgan Hukumat komissiyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berilmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi Hukumat komissiyasi tomonidan Bosh prokuratura bilan hamkorlikda 2 ta holat bo‘yicha ham jabrlangan fuqarolarning muammolarini hal etish yuzasidan tayyorlagan takliflarini o‘qib eshittirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «AZIYA INVEST FAVORIT» MChJ bilan Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Izzat ko‘chasida qurilishi rejalashtirilgan uylardan birini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan bir guruh fuqarolar Kun.uz’ga murojaat qilib, oradan bir yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay qurilish ishlari hali boshlanmaganidan shikoyat qilishgandi.

Ularning aytishicha, MChJ rahbari qamoqqa olingan bo‘lib, ishchi-xodimlar pullarini qaytarishni talab qilib borganlarga firma yopilganini aytishgan. Fuqarolar ko‘rgan zarar 300 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil qiladi.

Mazkur masala yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov raisligida Hukumat komissiyasi tuzilgandi. Ushbu komissiyaga 20 iyulgacha o‘rganish ishlarini yakunlab, natijasi yuzasidan tegishli xulosa va asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatilgandi.

21 iyul kuni puliga kuyib qolgan fuqarolar hukumat binosi oldida yig‘ildi hamda ular bilan Bosh vazir Abdulla Aripov uchrashdi. O‘shanda Bosh vazir shu yil 24 iyulga qadar qaror chiqarilishi, bank hisobiga o‘tgan barcha 600 dan ortiq xonadonlar egalariga qaytarilishini aytgandi.

Ayni paytda o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Kun.uz muxbiri ham ishtirok etmoqda. Tafsilotlar haqida batafsil ma’lum qilinadi.

Mavzuga oid