Jahon | 14:34 / 05.08.2023
13525
2 daqiqa o‘qiladi

G‘arbiy Afrika davlatlari Nigerga bostirib kirishga tayyorlanmoqda

EKOVAS mamlakatlari tomonidan Nigerda to‘ntarish uyushtirganlarga qo‘yilgan ultimatum muddati tugayapti. Niger xuntasi qo‘shni davlatlar tahdidlari fonida qurolli kuchlarda asosiy o‘zgarishlarni amalga oshirdi. 

Foto: AP

Nigerdagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng, 5 avgust, shanba kuni mintaqadagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyatiga (EKOVAS) a’zo davlatlar qurolli kuchlari qo‘mondonlari, Fransiyaning RFI mediakompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘ntarishga javoban Nigerga ehtimoliy qurolli bostirib kirish rejasini ishlab chiqdi

Qo‘mondonlar tomonidan ma’qullangan tavsiyalar «mumkin bo‘lgan aralashuvning barcha elementlari, shu jumladan, buning uchun zarur resurslar, shuningdek, qo‘shinlarni qanday va qachon joylashtirishni» o‘z ichiga oladi, deya RFI EKOVAS siyosiy masalalar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha komissari Abdul Fatau Musaning Nigeriya poytaxti Abujada harbiy rahbarlarning uch kunlik yig‘ilishidan keyingi so‘zlaridan iqtibos keltiradi. EKOVAS davlat rahbarlari ushbu tavsiya asosida qanday harakat qilish bo‘yicha qaror qabul qilish niyatida, deya qo‘shimcha qildi Musa. 

Bir necha soat oldin Nigeriya prezidenti Bola Tinubu o‘z mamlakati Senatini Nigerga qurolli bostirib kirishni ma’qullashga chaqirdi. EKOVASga raislik qiluvchi Tinubu, Nigerdagi harbiy to‘ntarish uyushtirganlar muzokaralarga rozi bo‘lmagan taqdirda, «qo‘shinlarni harbiy jihozlash va xodimlardan harbiy aralashuv uchun foydalanish»ni yoqladi. 

EKOVAS davlatlari o‘tgan yakshanba kuni Nigerda to‘ntarish uyushtirganlarga ultimatum qo‘yib, konstitutsiyaviy tuzumni bir hafta ichida tiklashni talab qildi. Rad etilgan taqdirda ular turli choralar, jumladan kuch ishlatish bilan tahdid qilgan. 

Mavzuga oid