«Hokim bilan maktab direktori bahsida qanday qilib boshqa odam jabrlanuvchi bo‘lishi mumkin?» — deydi inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov. Ta’lim mutaxassisi Shokir Tursun maktablarning moddiy-texnik bazasi bo‘yicha mas’uliyatni vazirlikka qaytarish kerakligini aytdi.

«Miltiq bo‘lsa, otib tashlang!»

O‘tgan hafta surxondaryolik maktab direktori Umida Tursunovaning viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan bo‘lgan tortishuvi va buning ortidan pedagogning qamoqqa tashlanishi butun jamoatchilikni junbishga keltirdi. Hokimlarning maktab xo‘jalik faoliyatiga emas, bevosita ta’lim jarayoniga aralashuvi esa hanuzgacha noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.

Xo‘sh, aslida mahalliy boshqaruvlarning maktab faoliyatiga aralashuvi qanchalik to‘g‘ri? Sariosiyo tumanida yuzaga kelgan vaziyatda hokimga qanday huquqiy baho berilishi zarur? Bu borada maktab direktori, hokim hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pozitsiyasini muhokama qilish uchun Kun.uz ta’lim sohasida mutaxassis, pedagog Shokir Tursun va Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bilan suhbatlashdi.

— Dastlab, maktab direktori va hokim o‘rtasidagi tortishuvga munosabatingiz qandayligi haqida gapirsangiz. Surxondaryoda hokim va direktor o‘rtasidagi janjal maktablarning ma’muriy buyruqbozlik vertikalining bir bo‘g‘iniga aylanib ulgurganining yana bir yaqqol misoli bo‘lmadimi?

Shokir Tursun: Birinchi navbatda holat vazifalarning to‘liq ajratib berilmagani oqibatida kelib chiqyapti. Ya’ni hokim maktab infratuzilmasiga mas’ul bo‘lgani bilan, aynan shu richag orqali ta’lim muassasalariga ta’sir o‘tkaza olyapti. Garchi biz, pedagoglarning huquqi haqida qonunlar qabul qilib, majburiy mehnatni bekor qilib, turli qonunlar ishlab chiqqanimiz bilan, mana shu richag sabab hokimliklarning maktablarga «hukmronligi» saqlanib qolyapti.