Amerikaning Meta korporatsiyasi rahbari Mark Tsukerberg SpaceX, Tesla va X (Twitter) kompaniyalarini boshqarayotgan milliarder Ilon Mask bilan duelining ehtimoliy sanasini aytdi. Tsukerberg 26 avgust kuni jang qilishni taklif etdi. Mask hali unga aniq javob bermadi.
«Jang bugun bo‘lsa ham tayyorman. Ammo Maskdan hech qanday tasdiq yo‘q. Va men bo‘lishiga ishonmayman», dedi Tsukerberg.
Mask taklif qilingan sanani tasdiqlamadi, biroq u jangga faol tayyorgarlik ko‘rayotganini va har kuni shtanga bilan shug‘ullanayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarga vaqt yetishmasligini qoplash uchun hatto ofisga gantel olib kelgan.
Ayni paytda Tsukerberg maxsus dastur bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazmoqda va uyining hovlisida sakkiz burchakli ring yasab olgan. Jismoniy faollikning oshishi tufayli u har kuni kamida to‘rt ming kilokaloriya iste’mol qilishi kerak.
Mask jangda kurash elementlaridan foydalanish niyatida. «Men jang uchun WWE uslubini tanlayman», dedi tadbirkor.
Foydalanuvchilardan biri undan Tsukerbergga qarshi jangning ma’nosi haqida so‘radi. Mask ringdagi jang urushning sivilizatsiyalashgan shakli ekanini aytdi. «Va erkaklar urushni yaxshi ko‘radilar», deb qo‘shimcha qildi u.
Aftidan, uzoq davom etadigan jang uning strategiyasining bir qismi emas. Mask jang uzoq davom etsa, Tsukerberg o‘zining chidamliligi tufayli g‘alaba qozonishi mumkinligini tan oldi. Maskning bir afzalligi bor - uning gavdasi. Tsukerbergning vazni atigi 70 kilogramm, bo‘yi 170 santimetr (UFC qoidalariga ko‘ra yengil vazn), Mask esa kamida 135 kilogramm, bo‘yi 185 santimetr (super og‘ir vazn toifasi).
Mask allaqachon jang o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida (Twitter) translatsiya qilinishini ma’lum etdi. Shuningdek, u barcha daromadlar Amerika armiyasi faxriylariga berilishini aytdi.
Tsukerberg X platformasida translatsiya qilish g‘oyasiga shubha bilan qaradi. «Siz xayriyaga pul to‘plash uchun ishonchli platformadan foydalanganingiz ma’qul emasmi?», dedi u katta ehtimol bilan o‘zining Facebook tarmog‘iga ishora qilib.
Maskning sog‘lig‘i tufayli jangni keyinga qoldirish ehtimoli ham bor. Milliarderning ta’kidlashicha, 7 avgust kuni u bo‘yin va umurtqa pog‘onasi yuqori qismini magnit-rezonans tomografiyasidan o‘tkazish niyatida. MRT natijalariga ko‘ra, shifokorlar uning orqa miya operatsiyasi kerakmi yoki yo‘qligini hal qilishadi. «Aniq sana hali noma’lum. Buni shu hafta bilib olamiz», deb yozdi Mask.

















