Rubl kursi so‘nggi bir necha oydan beri to‘xtovsiz pasayib bormoqda. Joriy yilning 10 yanvar holatiga ko‘ra, 1 dollar – 70,3 rublni, 1 yevro – 75 rublni tashkil etgan bo‘lsa, 8 avgust holatiga 1 dollar – 96,5 rublgacha, 1 yevro – 106 rublgacha oshdi va yangi psixologik nuqtaga yetdi.
Yil boshidan beri Rossiya milliy valutasi dollarga nisbatan – 37 foizga, yevroga nisbatan esa – 41 foizga o‘z qadrini yo‘qotgan.


Oxirgi yillarda Rossiya rublining AQSh dollariga nusbatan almashuv kursining o‘zgarishi:
- 2010 yil: 1 dollar – 30,37 rubl;
- 2011 yil: 1 dollar – 29,38 rubl;
- 2012 yil: 1 dollar – 31,07 rubl;
- 2013 yil: 1 dollar – 31,86 rubl;
- 2014 yil: 1 dollar – 38,57 rubl;
- 2015 yil: 1 dollar – 61,22 rubl;
- 2016 yil: 1 dollar – 66,98 rubl;
- 2017 yil: 1 dollar – 58,30 rubl;
- 2018 yil: 1 dollar – 62,82 rubl;
- 2019 yil: 1 dollar – 64,69 rubl;
- 2020 yil: 1 dollar – 72,31 rubl;
- 2021 yil: 1 dollar – 73,70 rubl;
- 2022 yil: 1 dollar – 69,89 rubl;
- 2023 yil: 1 dollar – 96,56 rubl.
Rubl kursi nega qulamoqda?
Birinchi sabab – savdo balansining buzilishi.
Odatda yirik harbiy mojaro va xalqaro sanksiyalarga duch kelgan davlat milliy valutasi keskin ravishda qadrsizlanib ketadi. Lekin o‘tgan yilning yozi va kuzida rubl kursi dollarga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlandi. Bu davrda Yevroittifoq mamlakatlari neft va gazni yuqori narxda Rossiyadan xarid qilishda davom etdi. Natijada mamlakatda ortiqcha valuta to‘plandi. O‘z navbatida, sanksiyalar tufayli mamlakatga tovarlar juda kam miqdorda olib kirildi va import hajmi qisqardi. Dollar kursi qandaydir oraliqlarda 55-60 rubl oralig‘ida tebranib ham turdi. Biroq, Yevropa Rossiyadan gaz import qilishni qisqartira boshladi. 2022 yil dekabrida Rossiya nefti, joriy yilning fevral oyida Rossiya neft mahsulotlariga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilindi.

















