Polsha Belarus bilan chegaraga o‘n ming askar joylashtiradi
Vagnerchilarning tahdidlaridan keyin Polsha Belarus bilan chegarasini kuchaytirmoqda.

Polsha chegarasi. Foto: PAP/Artur Reszko
Polsha hukumati Belarus bilan chegara bo‘ylab jami o‘n ming harbiy xizmatchisini joylashtirishga qaror qildi. Bu haqda Polska Agencja Prasowa nashri mudofaa vaziri Mariush Blashchakning bayonotiga asoslanib xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt ming harbiy chegarachilarga ko‘mak beradi, yana olti ming askar zaxirada ushlab turiladi.
Avvalroq Polsha chegara xizmati rahbari Tomash Praga Belarus bilan chegaraga ming nafar harbiy jo‘natishni so‘rab mudofaa vazirligiga murojaat qilgandi.
«Polsha-Belarus chegarasidagi dinamik vaziyat va chegara qo‘shinlari boshlig‘ining chegarani qo‘riqlashda armiya ishtirokini oshirish bo‘yicha so‘rovi munosabati bilan Milliy mudofaa vaziri ushbu so‘rovni bajarish va Polsha-Belarus chegarasini qo‘riqlash uchun qo‘shimcha askarlar ajratishni buyuradi», — deyilgan Blashchak idorasi bayonotida.
Polsha yangiliklar agentligi (PAP) aniqlik kiritishicha, hozirda Belarus bilan chegarada ikki ming polshalik harbiy xizmatchi xizmat o‘tamoqda.
Blashchak ikki yil ichida mudofaa sohasini mustahkamlash davom ettirilsa, Polsha Yevropadagi eng kuchli quruqlik armiyasiga ega bo‘lishini aytib o‘tgan. «Xorij qo‘shinlaridan ko‘ra Polsha Qo‘shiniga xarajat qilgan afzalroq», — deya qo‘shimcha qilgan vazir.
- Polsha Belarus bilan chegarasini ushbu qo‘shni davlatga «Vagner» XHK yollanma jangchilari kelib joylashganidan keyin mustahkamlashga kirishdi. Xususan, iyul oyi boshida chegaraga 500 nafar politsiyachi yuborilgandi.
- Shu oyda Belarus mudofaa vazirligi Belarus armiyasi Polsha chegarasi yaqinida vagnerchilar bilan qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazishini anons qildi. Bir necha kun o‘tib Aleksandr Lukashenko Vladimir Putin bilan Peterburgda o‘tkazilgan uchrashuvda Belarusda joylashgan «Vagner» XHK jangchilari uni «asabiylashtirayotgani», ular «Varshavaga ekskursiyaga borib kelmoqchi bo‘layotgani»ni aytgandi. Avgust oyida esa Lukashenko bu gaplari «hazil» bo‘lganini aytib chiqdi. Shunga qaramay Polsha hukumati «Vagner» XHK yollanma jangchilaridan chindan ham chegaradagi provokatsiya uchun foydalanishlari mumkin deb hisoblamoqda.
- 1 avgust kuni Polsha mudofaa vazirligi Belarusning ikki vertolyoti mamlakat havo kengligini buzib kirganini ma’lum qildi. Minsk buni rad etdi. Shundan so‘ng Polsha Belarus bilan chegaraga Polsha armiyasining ikki brigadasi jangovar vertolyotlarini joylashtirdi.
Mavzuga oid

18:39 / 23.06.2025
Afrikadagi vagnerchilar kannibalizmda ayblanmoqda

19:22 / 21.06.2025
Belarus muxolifati vakili Sergey Tixanovskiy qamoqdan ozod etildi

18:13 / 21.06.2025
Trampning maxsus vakili Kellog Minskda Lukashenko bilan uchrashdi

11:39 / 20.06.2025