Bu yozda haftalar mobaynida diqqat markazida turgan shov-shuvli transferlar ko‘p bo‘lmoqda. Kutilgan katta transferlardan qaysilaridir amalga oshib bo‘ldi, masalan Harri Keyn «Bavariya»ga o‘tdi — myunxenliklar baribir «Tottenhem»ni ko‘ndira oldi, Angliya milliy jamoasi sardori esa Germaniyada «Leypsig»ga qarshi Superkubok o‘yinida debyut qilishga ham ulgurdi. Qaysilaridir hali hal bo‘lmayapti, Kilian Mbappe bilan bog‘liq vaziyat, aftidan, avgust oyi oxirigacha noaniq qoladi, oxirgi xabarlarga ko‘ra esa, u keyingi mavsumda ham Parijda qolishi mumkin. Bu fonda Moyzes Kaysedo bilan bog‘liq vaziyat biroz sezilmay qoldi, ammo bu transfer syujyetini kino qilsa bo‘ladi.

«Brayton»ning 21 yoshli yarimhimoyachisi — anchadan buyon Angliya top-klublari nishonida turgandi. Yanvar oyida ekvadorlik futbolchini «Arsenal» o‘z safiga qo‘shib olishga qattiq harakat qilgan, uning transferi uchun 70 million funt taklif etgan, ammo rad javobini olgandi. Yozda unga asosiy da’vogar «Chelsi» edi — ko‘klar «chaykalar» klubi ofisiga bir necha taklif yubordi, ammo samarasiz. Kaysedoning o‘zi bilan esa londonliklar may oyi oxiridayoq kelishib qo‘ygandi. Qaysidir pallada o‘yinga «Liverpul» qo‘shildi, mersisaydliklar Saudiya Arabistoniga ketgan Jordan Henderson va Fabino o‘rniga futbolchi qidirmoqda, umuman ushbu klubning yarimhimoya chizig‘i butkul qaytadan qurilmoqda. O‘tgan hafta oxirida poygada aynan qizillar ustun kelgandek ko‘ringandi — The Athletic nashri «Brayton» «Liverpul»ning 115 million funtdan (127 million yevro) iborat taklifini qabul qilgani haqida yozdi. Va shuning o‘zi ham Kaysedoni APLning eng qimmatbaho futbolchisiga aylantirgan bo‘lardi.

Ammo shu o‘rinda ekvadorlik futbolchi xarakterini ko‘rsatdi: Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, u «Liverpul» vakillariga «Chelsi»ga so‘z berib qo‘ygani va so‘zida turmoqchi ekanini bildirgan. Yakunda futbolchi baribir «Stemford Brij»ga o‘tdi, u bilan 2031 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma tuzildi. Turli manbalarga ko‘ra, londonliklar futbolchi uchun «Brayton» 116 million yevro to‘laydi va yana 17,5 million yevro miqdorida bonus ko‘zda tutilgan. Bu rasman APL tarixidagi eng qimmatbaho transferga aylandi.

Kaysedo — APL tarixidagi eng qimmatbaho transfer

Endilikda Todd Bouli «Chelsi»ga kelganidan keyin (2022 yil may oyi oxiri) amalga oshirilgan transferlar uchun xarajatlar miqdori 1 mlrd yevrodan oshdi. Uning davrida ko‘klar jamoasi 23 futbolchini transfer qilishgan (ijaraga olinganlar qo‘shib hisoblanganda). Klubning bu davrdagi qimmatbaho xaridlari beshligida Enso va Kaysedodan tashqari Mixaylo Mudrik («Shaxtyor»dan 70+30 mln yevro) Uesli Fofana («Lester»dan 88 mln yevroga) hamda Mark Kukurelya («Brayton»dan 65 mln yevroga) ham bor.