Kiyev NATO bosh kotibi shtabi rahbarining bayonotini tanqid qildi
Stoltenberg idorasi rahbari Ukraina hududining bir qismidan voz kechsa, ittifoqqa a’zo bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Zelenskiyning idorasi bunday versiyani rad etdi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Kiyev «hududlari bilan savdolashmasligini» ma’lum qildi.
Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak NATO bosh kotibi shtabi boshlig‘i Stian Yyenssenning hududiy imtiyozlar foydasiga mamlakatning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish imkoniyati haqidagi bayonotiga keskin munosabat bildirdi.
«Dunyo tartibini saqlab qolish va «yomon tinchlik» o‘rnatishga urinishlar, tan olaylik, raqib tomon g‘alabasi tinchlik keltirmaydi, balki sharmandalik va urush olib keladi. Bu yangi «Yevropa bo‘linishi»ning har qanday formatiga, shu jumladan, NATO bo‘yicha holatga ham tegishli», deb yozdi Podolyak 15 avgust, seshanba kuni X mikrobloglar servisidagi (sobiq Twitter) sahifasida.
«Xo‘sh, nega qurol yetkazib berishni tezlashtirish o‘rniga Rossiya uchun kutilayotgan muzlatish ssenariysi taklif qilinyapti? Qarshi tomonni dahshatli indulgensiyalar bilan rag‘batlantirishning hojati yo‘q», dedi Podolyak.
Ukraina TIV: hududlar evaziga NATOga a’zo bo‘lish haqidagi gaplarni qabul qilib bo‘lmaydi
«Ukraina hududlarining bir qismidan voz kechish evaziga NATOga qo‘shilish haqidagi gaplarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi, - deb yozgan Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili Oleg Nikolenko 15 avgust kuni Facebook’da. - NATO rasmiylarining hududlardan voz kechish bo‘yicha bergan bayonotlari Rossiya foydasiga o‘ynaydi. Ukrainaning g‘alabasini tezlashtirish va NATOga to‘liq a’zo bo‘lish yo‘llarini muhokama qilish esa yevroatlantika xavfsizligi manfaatlariga mos keladi».
NATO bosh kotibi idorasi rahbari urushni tugatish bo‘yicha «ehtimoliy yechimlarni» sanadi
Avvalroq Stian Yyenssen Ukraina Rossiyaga «ma’lum bir hududni berish evaziga» NATOga a’zo bo‘lishi va bu urushni tugatish yechimining bir qismiga aylanishi mumkinligini tan oldi. «Menimcha, yechim - Ukraina hududdan voz kechishi va buning evaziga NATOga a’zo bo‘lishi», — dedi Yyenssen Norvegiyaning Arendal shahrida bo‘lib o‘tgan debatlar chog‘ida, uning so‘zlari Verdens Gang (VG) nashri tomonidan keltirilgan.
Shu bilan birga, u NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg avvalroq aytgan so‘zlarini takrorladi: «Ukraina qachon va qanday sharoitda muzokara olib borishni o‘zi hal qilishi kerak». Yyenssen, shuningdek, urush tugaganidan keyin Ukrainadagi xavfsizlik vaziyati qanday bo‘lishi haqida o‘ylash kerak, degan fikrni bildirdi. «Biz buni muhokama qilishimiz muhim», dedi u.
Nashr jurnalistining: «NATO Ukraina Rossiya bilan tinchlikka erishish va kelajakda alyansga a’zo bo‘lish uchun hududni berishi kerak, deb hisoblaydimi?» degan savoliga Yyenssen urushdan keyingi ehtimoliy maqom bo‘yicha muhokamalar davom etayotganini va boshqa davlatlar ham hududlarni Rossiyaga berish haqidagi masalani ko‘tarayotganini aytdi. «Men shunday bo‘lishi kerak demayapman. Lekin bu ehtimoliy yechim bo‘lishi mumkin», deb tushuntirdi u.
Mavzuga oid
12:17 / 13.11.2024
Kiyev YePni Rossiyadan bolalarni qaytarishda yordam berishga chaqirdi
20:43 / 12.11.2024
NATO bosh kotibi Ukrainadagi mojaro «trayektoriyasini» o‘zgartirishga chaqirdi
16:07 / 12.11.2024
Greenpeace: NATO harbiy jihatdan Rossiyadan sezilarli darajada ustundir
10:13 / 11.11.2024