Jahon | 08:35 / 16.08.2023
4697
3 daqiqa o‘qiladi

Latviya sharqiy hududlarini qo‘riqlash uchun chegarachilarni safarbar qilmoqda

Latviya davlat chegara xizmati Belarus bilan chegaraga noqonuniy muhojirlar oqimi va «jadal o‘sib borayotgan gibrid tahdidlar» tufayli xodimlar safarbar qilinishi haqida ma’lumot berdi.

Foto: lsm.lv

Latviya davlat chegara xizmati sharqiy chegarani mustahkamlash uchun qo‘shimcha kuchlar safarbar etilishini e’lon qildi. Qo‘shimcha xodimlarni jalb qilish 15 avgust, seshanba kuni boshlangan, deyiladi idora saytida.

Qaror «Latviya-Belarus chegarasida tez o‘sib borayotgan gibrid tahdid», shuningdek, «Belarus rasmiylarining noqonuniy muhojirlar oqimini tashkillashtirishdagi ishtiroki kuchayishi» munosabati bilan qabul qilindi», deyiladi xabarda. Davlat chegara xizmatining aniqlik kiritishicha, birgina so‘nggi 24 soat ichida Belarusdan chegarani noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha 96 ta urinish aniqlangan.

Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati xodimlariga yillik ta’til berish to‘xtatildi, ta’tilda bo‘lgan chegarachilar xizmatga chaqirib olindi, deyiladi ma’lumotda. Idora, shuningdek, Milliy qurolli kuchlar va Davlat politsiyasidan qo‘shimcha yordam so‘radi.

Belarus orqali Yevropa Ittifoqiga noqonuniy muhojirlar oqimi

2021 yilda Iroq va Suriyadan minglab noqonuniy muhojirlar Belarus orqali Polsha, Latviya va Litva chegaralariga yetib keldi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ekspertlari va yetakchilari Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko rejimi noqonuniy muhojirlar oqimi uchun mas’ul ekanini bildirib, uni muhojirlardan siyosiy savdo uchun foydalanganlikda aybladi.

Rossiyaning Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanishi bilan Belarus va Yevropa Ittifoqi davlatlari chegaralarida migratsiya inqirozining yangi bosqichi kuzatildi. Bundan tashqari, Polsha, Latviya va Litvaning xavotiriga iyul oyida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilarining Belarusga o‘tkazilishi sabab bo‘ldi. Xususan, Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy o‘zi belaruslik chegarachilar sifatida ko‘rsatuvchi rossiyalik yollanma askarlar noqonuniy muhojirlarning Yevropa Ittifoqiga kirishiga yordam berishi mumkinligini taxmin qildi. Moravetskiy qo‘shimcha qilishicha, XHK jangchilari o‘zlarini noqonuniy muhojirlar sifatida ko‘rsatib, Polshaga kirib borishga harakat qiladi va shu bilan qo‘shimcha xavf tug‘diradi.

Mavzuga oid