Navalniy zaharlanganiga uch yil to‘ldi: AQSh yangi sanksiyalar joriy qildi
Qo‘shma Shtatlar, Vashingtonga ko‘ra, Aleksey Navalniyning zaharlanishiga aloqador bo‘lgan Aleksandrov, Kudryavsev, Osipov va Panyayev familiyali tezkor xodimlarga nisbatan sanksiyalar kiritdi.
AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Rossiya Federal xavfsizlik xizmati huzuridagi Kriminalistika instituti xodimlari Aleksey Aleksandrov, Konstantin Kudryavsev, ushbu tuzilma xodimi Ivan Osipov va «FSB» xodimi Vladimir Panyayevga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Ular, Vashingtonga ko‘ra, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishiga aloqador. Bu haqda 17 avgust, payshanba kuni AQSh g‘aznachilik departamenti ma’lum qildi.
«Bugun biz rejimga nafaqat Ukrainaga qarshi asossiz urush, balki Rossiya xalqining inson huquqlarini buzish oqibatlari ham borligini eslatib o‘tamiz», - deya ma’lum qildi AQSh moliya vazirining terrorizmga qarshi kurash va moliyaviy razvedka bo‘yicha o‘rinbosari Brayan Nelson.
«2020 yilda Aleksey Navalniyga uyushtirilgan suiqasd Kremlning inson huquqlariga nisbatan hurmatsizligini ko‘rsatadi, biz Kremlning manfaatini ko‘zlab ish tutmoqchi bo‘lgan shaxslarni javobgarlikka tortish uchun barcha vakolatlardan foydalanishda davom etamiz», - deya qo‘shimcha qildi u.
AQSh Davlat departamenti viza cheklovlarini joriy qilmoqda
AQSh Moliya vazirligi Aleksandrov 2019 yilda Rossiyadagi poyezdda halok bo‘lguniga qadar boshqa rossiyalik korrupsiyaga qarshi kurashchi Nikita Isayevni ham kuzatib kelganini eslatdi. Kudryavsev, o‘z navbatida, Vashingtonga ko‘ra, rossiyalik muxolif siyosatchi Vladimir Kara-Murzani kuzatishda ishtirok etgan.
AQSh Davlat departamenti Aleksandrov, Kudryavsev, Osipov va Panyayevlarga viza cheklovlari joriy qilmoqda, ular va ularning oila a’zolari AQShga kirishi taqiqlangan.
Yuqoridagi shaxslarning Qo‘shma Shtatlardagi yoki Amerika shaxslari nazorati ostidagi barcha mulklari muzlatilmoqda. Ushbu shaxslar bilan Qo‘shma Shtatlarda va Amerika fuqarolari ishtirokidagi barcha moliyaviy operatsiyalar taqiqlanadi.
Aleksey Navalniyning zaharlanishi
2020 yil 20 avgust kuni muxolifatchi Aleksey Navalniy Tomskdan Moskvaga uchayotgan samolyot bortida hushini yo‘qotdi. Ikki kundan keyin komada yotgan Navalniy Germaniyaning «Sharite» (Charité) klinikasiga davolanish uchun olib ketilgan. Shifokorlar uning organizmida «Novichok» asab-falajlovchi modda izlarini topdi. Keyinchalik Shvetsiya va Fransiyadagi laboratoriyalar, shuningdek, Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti ekspertlari mustaqil ravishda xuddi shunday xulosaga keldi.
To‘rt nashrning jurnalistlari Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari zaharlanishni uyushtirishga uringani aytilgan tergovni e’lon qildi. Navalniy va uning sheriklari tergov o‘tkazishni talab qilib, bir necha bor Rossiya Tergov qo‘mitasiga murojaat etdi, ammo ularga rad javobi berildi. Muxolifatchi 2021 yil yanvarida Rossiyaga qaytishi bilanoq darhol qo‘lga olindi va keyinchalik koloniyaga jo‘natildi.
Mavzuga oid
10:12
AQShda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni aytildi
08:31
AP: AQSh Ukrainaga 275 mln dollarlik harbiy yordam ajratmoqda
08:02
AQSh Gonsalesni Venesuelaning saylangan prezidenti sifatida tan oldi
22:07 / 19.11.2024