Og‘ir hayot, bir tomoni ekin dalasiga tutash bo‘lgan xaroba uy, imkonsizlik va kutilmaganda kelgan bemorlik... Karmanalik farrosh ayol Gulnora Karimovaning oxirgi 6 yil umri ana shunday qiyinchiliklar ichida o‘tdi. Ammo davlatning ko‘magi bilan bugun uning hayoti butkul o‘zgargan.  

Sinovli dunyoda har kimning o‘z hikoyasi bor: kimnikidir quvonchdan iztirobga aylangan, boshqa birovniki iztirobdan quvonchga. Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi Gulnora Karimovaning hikoyasi ham kecha iztirobli edi, bugun quvonchli.

Karmana tumanidagi 3-umumta’lim maktabida farrosh bo‘lib ishlaydigan Gulnora Karimova bundan 6 yil oldin og‘ir sinovlarga duch kelgan. Turmush o‘rtog‘i asrab olingan o‘g‘il edi. O‘gay ota-onasi uni ulg‘aytiradi, uylantiradi va keyin oq fotiha berib, endilikda o‘z hayotini o‘zi qurishi kerakligini aytadi.

Ikkita qizalog‘i bilan ko‘chada qolgan er-xotin tumanning Kumushkon mahallasida qishloq chetidan, bir tomoni ekin dalasiga tutash bo‘lgan yerdan o‘zlari loydan g‘isht quyib, ikki xonali loysuvoq uy tiklab olishadi. Naridan beri qurilgan uyning hali derazasi ko‘chib tushar, hali tomidan suv o‘tib ketardi. Qolaversa, bir tomoni dala emasmi, uy ichiga gohida ilon sudralib kirar, devorlarda kaltakesaklar o‘rmalab yurardi.

Aslida bu yerda ilondan ham dahshatliroq bo‘lgan xavf bor edi: uy ustidan yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i o‘tgandi. Agar qo‘lim nam bo‘lsa, tok urardi, deya eslaydi o‘sha kunlarni Gulnora Karimova.

“Bu yerga 2017 yilda kelgandik. Kelganimizda hamma joy shunaqa ajriq bosgan yer edi. Birinchi bir xonali uy qurdik. Gaz, svet, suv yo‘q edi. Andava qilingan uyda o‘tirdik. Bolalarim kichkina edi. Keyin asta-sekin ikkinchi xonani tikladik. Turmush o‘rtog‘im bilan kun bo‘yi g‘isht quyardik o‘zimiz. Charchasak ham, betob bo‘lsak ham ancha mehnat qilib, tiklab olgandik. Shunday kunlarning birida onkologik kasallikka chalinib qoldim. Shuncha qiynalib o‘tirgan bir paytimiz bu ham yaxshi bo‘lmadi. Shukr, tuzalib chiqdim.

Bu uyda juda qiynalganmiz. Sababi, sharoitlari yo‘q edi. Yog‘inli kunlarda tomdan suv o‘tib ketardi. U kunlarni esimdan chiqarmayman. Atrof ochiq edi. Shoqollar ham yurardi, ilonlar eshigimiz oldigacha sudralib borardi, uyga kirgan kunlari ham bo‘lgan. Qolaversa, uyimiz tepasidan elektr tarmog‘i o‘tgan. Kir yuvsam qo‘limdan tok urardi, qo‘rqardim.