Balkondan turib shahar tomosha qilishning o‘ziga yarasha gashti bor. Buni ozarboyjonliklar, ayniqsa, yaxshi bilishadi. Shu ham mavzu bo‘libdimi, deyishingiz mumkin. Ammo dasturni oxirigacha tomosha qilsangiz, fikringiz mutlaqo o‘zgaradi. Chunki Boku balkonlarining o‘z madaniyati va tarixi bor.

Ozarboyjon poytaxti Boku ko‘chalarini kezarkansiz, G‘arb va Sharq arxitekturalari madaniyati uyg‘unligining guvohiga aylanasiz. Shahar binolari turli asrlarda bunyod etilgan bo‘lsa-da, me’moriy yechimlarda o‘ziga xos umumiylik bor.

Bu umumiylik binolardagi bir-birini takrorlamaydigan, san’at darajasida quriladigan balkonlarda ham o‘z ifodasini topadi. Qayerga qaramang, oddiy temir panjaralisidan tortib, murakkab me’moriy uslublarga ega peshayvonlarni uchratasiz.

Bokuliklarning ko‘p qavatli uy xarid qilishdagi qat’iy talablaridan biri ham bu xonadonlarda balkonlarning bo‘lishidir. Albatta, ular oshxonani balkonga chiqarib, yana bitta xona sonini oshirish haqida o‘ylamaydi. Balkon balkonligicha qolishi kerak.

To‘g‘ri, ba’zi uylarda ular o‘rab olinib, xona qilinganini ham uchratish mumkin. Hatto, bir balkonni ikkiga bo‘lib, yarmini o‘z holicha, qolgan yarmi xonaga aylantirilgan holatlar ham bor. Lekin juda kam.

Ozarboyjonliklar tarixan bunday peshayvonlarni uydan chiqmasdan turib, qarama-qarshi uyda yashovchi qo‘shnilar bilan suhbat qurib o‘tirish, xayol surish, choy ichish yoki shaxmat, nardaga o‘xshagan o‘yinlar o‘ynab hordiq chiqarish uchun eng qulay joy sifatida ko‘rib kelishgan.

Ozarboyjon tilida ularni “shushaband”, ya’ni “oyna bilan o‘ralgan” ma’nosini beruvchi “oynaband”, o‘ralmagan balkonlarni esa shunchaki “shusha”, ya’ni “oyna” deb atashadi. 3-4 asr ilgari qurilgan ko‘p qavatli uylarda ham oynabandlarga alohida urg‘u berilgan.