Qayd etish joizki, BRICS’ga a’zo davlatlar rahbarlari ichidan faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin sammitda bevosita ishtirok etmaydi, chunki Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi orderiga ko‘ra uni bu davlatda hibsga olishlari mumkin.

Xo‘sh, BRICS ishtirokchilari nimalarni muhokama qilishadi, ekspertlar bu sammitdan nimalar kutishmoqda?

Putinsiz BRICS haqida

Davlatlar hamdo‘stligiga 2006 yilda Sankt-Peterburgda o‘tgan iqtisodiy forumdan so‘ng asos solingan. Avvaliga ittifoq ishtirokchilari 4 ta edi — Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy. 2009 yilda ularga Afrikaning eng intensiv iqtisodiyotidan biri sifatida JAR ham qo‘shildi. Tashkilot a’zolari o‘z iqtisodiyotlarining G‘arbga bog‘liqligini kamaytirishga intilib kelishadi. BRICS davlatlari hukumatlari har yili rasmiy sammitlarda uchrashishadi, bundan tashqari TIV, Moliya vazirligi va boshqa davlat institutlari darajasida ham uchrashuvlar o‘tkazib turiladi. BRICS’ning so‘nggi sammiti 2022 yil iyunida Xitoyda bo‘lib o‘tgandi.

JARda Rossiya delegatsiyasiga RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qiladi. Putin sammitga bormasligi iyul oyi oxirlarida uzil-kesil ma’lum bo‘lgan edi. ⁠JAR Rim statutini ratifikatsiya qilgan, shuning uchun u JARga borsa Janubiy Afrika Respublikasi Xalqaro jinoyat sudi orderiga ko‘ra uni hibsga olib, topshirishi shart edi. Haaga xalqaro sudi shu yilning 17 mart kuni Putinni Ukrainaning noqonuniy okkupatsiya qilingan hududlaridan voyaga yetmagan bolalarni Rossiyaga deportatsiya qilganlikda ayblab, hibsga olish uchun order bergan edi. Rossiya prezidenti BRICS sammitida videoaloqa orqali ishtirok etadi.

Bosh mavzu — BRICS’ning kengayishi

24 avgustgacha davom etadigan sammitda ishtirok etish uchun Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrikaning 60 dan ziyod davlatlari yetakchilariga taklifnoma jo‘natilgan. BRICS’ning kengaytirilishi asosiy mavzulardan biri bo‘ladi. 40 dan ziyod davlatlar tashkilotga a’zo bo‘lish uchun xohish bildirishgan, ularning 23 tasi rasmiy ariza topshirishgan. Bu davlatlar orasida Argentina, Misr, Eron, Jazoir, Habashiston (Efiopiya), Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni va Senegal kabi davlatlar bor.

BRICS’ga a’zo bo‘lish uchun asosiy nomzodlar Indoneziya, Saudiya Arabistoni va Argentina hisoblanadi. Rossiya Eronning arizasini qo‘llab-quvvatlamoqchi, Braziliya esa — Argentina va Venesuelanikini. Kutilishicha, BRICS vakillari sammitda yangi a’zolarni qabul qilish mezonlarini ham tasdiqlashadi.