08:27 / 24.08.2023
51672

Prigojin samolyotiga raketa zarbasi berildimi – asosiy taxminlar

Portlash samolyot ichidami yoki tashqarisida (ya’ni raketa zarbasi oqibatida) sodir bo‘lganmi?

Foto: Videodan kadr

23 avgust kuni kechqurun Yevgeniy Prigojinga tegishli samolyot Tver viloyatining Kujyenkino qishlog‘i yaqinida qulab tushdi.

Hodisaga guvoh bo‘lgan mahalliy aholi tomonidan suratga olingan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Tasvirlarda samolyot boshqaruvni mutlaqo yo‘qotgani va bo‘laklanib ketgan holda yerga qulaganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, kamida bitta dvigatel ishlashda davom etgani eshitiladi, samolyot tutunli iz qoldirgani ko‘rinadi.

Bularning barchasi qulashdan oldin portlash sodir bo‘lganini aniq ko‘rsatadi, deb yozdi Meduza. Faqat bitta savol qoladi: portlash samolyot ichidami yoki tashqarisida (ya’ni raketa zarbasi oqibatida) sodir bo‘lganmi?

«Rosaviatsiya» federal havo transporti agentligi vakillari allaqachon go‘yo samolyot «portlatilgani», ya’ni, urib tushirilmaganini aytishmoqda. Boshqa manbalarga ko‘ra, barcha variantlar ko‘rib chiqilmoqda.

Samolyot ichidan portlatilgani haqidagi taxminga qarshi dalillar mavjud:

- Videolardan birida zenit-raketasining inversion iziga o‘xshash bulut ko‘rinadi;

- Videoda guvohlar samolyot qulashidan oldin ikkita portlash bo‘lgani haqida gapirishmoqda. Odatda, bitta nishonga qarshi ikkita raketani uchirish amaliyotda keng qo‘llaniladi va nishonni yo‘q qilish ehtimolini oshiradi.

- Samolyotning ba’zi bo‘laklarida zenit-raketa kallagi izlariga o‘xshash teshiklar ko‘rinadi. Ammo tasvirning sifati past, shuning uchun izlarning tabiatini aniq baholash ilojsiz. Samolyotdan alohida qulab tushgan bo‘laklarda hech qanday iz yo‘q.

Samolyot ichidan portlatilgani haqidagi taxminni qo‘llab-quvvatlovchi dalillar ham bor:

- Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot qulashdan oldin 28 ming fut (8,5 kilometrdan ortiq) balandlikka ko‘tarilgan. Bunday balandlikda har qanday mudofaa tizimi ham samolyotni urib tushira olmaydi. Jumladan, ko‘chma zenit-raketa tizimlari (nazariy jihatdan qo‘poruvchilar undan foydalanishi mumkin edi) va hatto barcha qisqa masofali havo mudofaa tizimlari ham bunga qodir emas. Hech bo‘lmaganda o‘rta masofaga mo‘ljallangan kompleks (masalan, «Buk») talab qilinadi, u samolyot uchadigan havo trassasiga yaqin joylashgan bo‘lishi kerak.

- Bunday komplekslarning raketalari samolyotga jiddiy zarar yetkazadi. 70 kilogrammlik jangovar kallak 7 mingta mayda elementga ega bo‘ladi. Uning zarbasi oqibatida bunday o‘lchamdagi samolyot maydalanib ketishi kerak edi.

Portlash sabablari haqidagi savol siyosiy jihatdan muhim. Agar samolyot baribir zenit-raketasi bilan urib tushirilgan bo‘lsa, unda Rossiya xavfsizlik kuchlarining bunda «qo‘li borligi» haqida gapirish mumkin. «Bortdagi portlash» deyarli har qanday versiyaga imkon beradi (ammo Rossiya rasmiylarining ehtimoliy aralashuvini istisno qilmaydi).

Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) qoidalariga ko‘ra, halokat mahalliy vakolatli organ (Rossiyada - Xalqaro aviatsiya qo‘mitasi) tomonidan samolyotni ishlab chiqargan Embraer S.A (Braziliya) kompaniyasi ishtirokida tekshirilishi kerak.

Mavzu
Prigojin isyoni
23 iyun kuni kechqurun «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin RF mudofaa vazirligini vagnerchilarga hujum qilishda ayblab, «adolat marshi» e’lon qildi. 24 iyun kuni uning qo‘shini Rostovni egallab, Moskva tomon yo‘lga tushdi.
Barchasi
Top