Oq uyga yana da’vogarlik qilayotgan sobiq prezident o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Miluokiga bormasligini yozgandi. Tramp shundoq ham hammadan oldinda ekani va mashhurlik uchun kurashishdan hech qanday ma’no ko‘rmayotganini bildirgan.

«Jamoatchilik mening kimligim va prezidentlik muddatim qanchalik muvaffaqiyatli o‘tganini biladi. Shuning uchun men debatda qatnashmayman», deyiladi xabarda.

Biroq, sobiq prezidentning debatda ishtirok etishdan bosh tortishi uning shtab-kvartirasi Trampning jinoiy ishi bilan bandligi va ushbu mavzu bo‘yicha noqulay savollarga javob berishni istamasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Respublikachilar debati butun mamlakat bo‘ylab translatsiya qilindi.

Uni o‘tkazish uchun Viskonsin shtati tasodifan tanlanmagan. Bu prezidentlik poygasi ishtirokchilari shiddatli kurash olib boruvchi beqaror shtatlardan (biror partiya hukmronligi to‘liq mustahkamlanmagan shtat) biridir.

Oxirgi prezidentlik saylovida bu hududda Jo Bayden yetakchiligidagi demokratlar kichik farq bilan g‘alaba qozongan edi.

Kuchlar nisbati qanday?

So‘rovlarga ko‘ra, amerikalik respublikachilarning 50 foizdan ortig‘i to‘rt holat bo‘yicha jinoiy ish ochilganiga qaramay, Donald Tramp nomzodini qo‘llashga tayyor. Foto: Getty Images

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogarlar orasida eng mashhurlari Tramp, AQShning sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens, Florida gubernatori Ron DeSantis va AQShning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Heylidir.

Kuzatuvchilarning qayd etishicha, bu gal asosiy nomzodlik poygasida rekord miqdordagi nomzodlar — tadbirkorlardan tortib, merlar, senatorlar, sobiq va amaldagi gubernatorlargacha qatnashgan.

Biroq teledebatlar bosqichiga yo‘l olish uchun bir qator boshqa shartlarni bajarishdan tashqari, nomzodlar umumxalq ovoz berishning uch turi yakunlari bo‘yicha kamida 1 foiz ovoz to‘plashi kerak.

Faqat to‘qqiz kishi bu to‘siqdan o‘ta olgan.

Ayni damda Donald Tramp poygada so‘zsiz yetakchi. New York Times nashri so‘rovlariga ko‘ra, uni butun mamlakat bo‘ylab respublikachilarning taxminan 54 foizi qo‘llab-quvvatlaydi (turli so‘rovnomalar natijalari 1-2 foiz farq qilishi mumkin).