«Yuksalish» yo‘llarda «noinsoflik» bilan undirilgan jarimalarni bekor qilishga chaqirdi
«Noinsof tadbirkorlik» yo‘li bilan undirilgan jarimalar aniqlansa, ularni bekor qilish va haydovchilarga to‘lovlarni tadbirkorlar hisobidan qaytarish taklif qilinmoqda.
«Yuksalish» umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatilgan yo‘l qoidabuzarliklarini qayd etuvchi kameralardagi kamchiliklar hamda «noinsof tadbirkorlik» faoliyati haqidagi gumonlar jamoatchilikni tashvishlantirayotganini qayd qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tezkorlik bilan bunga qarshi chora ko‘rishi kerak.
Bekmurodov bu borada bir necha takliflarni bildirib o‘tdi.
- Birinchidan, deb yozdi u, mazkur tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan barcha sub’yektlarning so‘nggi haftalardagi qaydnomalarini taftish qilish va huquqiy baho berish choralarini ko‘rish lozim.
Ikkinchidan, taftish natijasida «noinsof tadbirkorlik» yo‘li bilan undirilgan jarimalar aniqlansa, ularni bekor qilish va haydovchilarga to‘lovlarni tadbirkorlar hisobidan qaytarish kerak.
Uchinchidan, tadbirkorlik sub’yektlarining nazorat-kameralari orqali qayd qilinayotgan jarimalarni nazorat tartibida doimiy tekshirish amaliyotini joriy qilish lozim.
To‘rtinchidan, fuqarolarni adolatsiz jarimalar ustidan shikoyat qilishdagi ovoragarchilikdan asrash maqsadida, qaydnomalarga onlayn shikoyat berish imkoniyatini yaratish shart.
Beshinchidan, barcha lokatsiyalarda radar o‘rnatilganligi to‘g‘risidagi belgilar yonida cheklangan tezlikni aks ettiruvchi belgilarni o‘rnatishni majburiy qilish lozim.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu boradagi faoliyat yuzasidan jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.
«Yuksalish» piyodalar va yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida, fuqarolardan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishni so‘ramoqda.
Mavzuga oid
20:43 / 14.11.2024
Yevrokomissiya Meta’ni qariyb 800 mln yevro jarimaga tortdi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
07:50 / 31.10.2024
Yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangan yuk mashinasi haydovchilari jarimaga tortiladi
11:00 / 04.10.2024