PSJ – LANS (26 avgust, 23:55)

Fransiya chempionati uchinchi turga yetib kelgan bo‘lsa-da, haqiqiy «PSJ»ni biz endi ko‘rishimiz mumkin. Neymar ketdi, Mbappe qaytdi, Usmon Dembele ham o‘tgan o‘yinda ikkinchi taymda maydonga tushdi. Luis Enrike qo‘l ostida Parij klubi ilk bor optimal tarkibda, Mbappe – Ramush – Dembele hujum uchligi bilan harakat qilishi mumkin. Dastlabki tajribalar uncha o‘xshamadi – jamoa ikki o‘yinni ham durang bilan yakunlab, atigi bir gol, u ham bo‘lsa penaltidan kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo o‘yin borasida Enrikening chizgilari sezilarli. Jamoa juda ko‘p uzatmalarni amalga oshirmoqda, to‘pni va o‘yinni to‘liq nazorat ostida ushlab turibdi. Endi bu tizim oldingi chiziqdagi ijrochilar yordamida qanday qilib gollarga aylanadi, kuzatish qiziq bo‘lsa kerak.

Ularga Abduqodir Xusanovning jamoadoshlari qarshilik qiladi. Hamyurtimiz hozircha zaxirada qolmoqda, murabbiy himoyada Danzo – Gradit – Medina uchligiga ishonib turibdi, ammo har qanday pallada Xusanovni imkoniyat tug‘ilishi mumkin. «Lans» dastlabki o‘yinlarni yomon o‘tkazgan bo‘lsa-da (bir mag‘lubiyat, bir durang) o‘tgan mavsumda parijliklarga munosib chempionlik poygasini tashkil qilib bergan, atigi bir ochkoga kam jamg‘argandi xolos. O‘zaro o‘yinlarda ham «Lans» bo‘sh kelmadi – har ikki o‘yinda mezbon jamoa 3:1 hisobida ustun kelgan. Parijda ham odatda «Lans» yomon o‘ynamaydi: oxirgi besh uchrashuvning ikkitasida mehmonlar bir ochko olib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: Getty images

Mezbonlar safida Bernat, Mendes, Li Kan In kabi futbolchilar jarohat tufayli maydonga tusha olmaydi. Ammo Mukiyele va Kimpembe mashg‘ulotlarga qaytgani, hamda bu o‘yinda qatnashishi mumkinligi muxlislarni xursand qilishi mumkin. «Lans» esa, Poreba, Said va Farineslarning yordamidan foydalana olmaydi. Ushbu futbolchilar o‘tgan mavsumdan beri safga qaytgani yo‘q.

NYuKASL – LIVeRPUL (27 avgust, 20:30)

«Nyukasl» ham, «Liverpul» ham avvalgi turlarda markaziy o‘yinda qatnashib ulgurishdi. Birinchi turni «Liverpul» «Stemford Brij»da o‘tkazgan bo‘lsa, «Nyukasl» o‘tgan hafta «Etihad»ga safar qildi. Ya’ni har ikki jamoa ham mavsum boshlanishi bo‘lishiga qaramasdan, jiddiy sinovlar tajribasini boshdan kechirib bo‘lishdi. Bu faktor ham ushbu bahsni yanada murosasiz qilishi turgan gap. Har ikki jamoa ham o‘sha o‘yinlarda ochko yo‘qotgani yana bir turtki bo‘lib xizmat qiladi, zero mavsum boshidan peshqadamlar orasidagi farq kattalashib ketishi keyinchalik, ayniqsa yevrokuboklar boshlanganda ancha qiynab qo‘yishi mumkin.