Buxorolik Hosil Nosirov 1983–1985 yillarda Gurjistonning Tetri-Tskaro shahrida harbiy xizmat o‘taydi. O‘sha davrlarda xizmatdoshi Marlen Kexvishvili bilan qalin do‘st tutinadi. Xizmat tugab, askarlar o‘z yurtlariga qaytishganidan so‘ng aloqalar uzilib qoladi. Do‘stlar bir-birini izlaydi-topolmaydi. Kun.uz muxbiri Tbilisiga safari davomida 38 yil oldin yo‘qolgan Marlen Kexvishvilini topishga muyassar bo‘ldi. Ikki do‘st nihoyat diydorlashdi.
Tbilisiga kelgan kunimiz surishtiruvni nimadan boshlashni bilmasdik. Qo‘limizda Hosil Nosirovning 1985 yilda do‘sti Marlen bilan yozishgan xati ustida yozilgan – “Tbilisi shahri, 3-massiv, 13-ko‘cha, 5-uy” manzili bor edi xolos. Lekin bu ma’lumot yetarli emasdi. Chunki xatda faqat raqamlar bo‘lib, hech bo‘lmasa ko‘cha yoki massiv nomi ham yo‘q edi. Bu esa ishni ancha qiyinlashtirishi tayin.

Boshlanishiga imkonimiz an’anaviy klassik usul – onlayn xaritadan foydalanishga yetadi. Xarita ham qiynalib-qiynalib tahminiy bir manzilni chiqarib berdi. Ha, mayli, ko‘rsatilgan mahallaga yetib olaylik-chi, qolgani bir gap bo‘lar. Balki qahramonimizni bir deganda shu manzildan topib olarmiz.

Telefonimiz ko‘rsatgan mahallaga yetib keldik. Shu yerliklardan surishtirsak, 13-ko‘cha, 5-uy bu mahallada ham bo‘lishi mumkin. Lekin “3-massiv” nomli hudud umuman boshqa yerda ekan. Bizga shu ko‘chadan o‘tuvchi yo‘nalishli mikrobusga chiqib, o‘sha 3-massivga borishimizni maslahat berishdi. Shu bilan yo‘nalishimiz o‘zgarib ketib, marshrut mashinasi bilan o‘sha 3-massivga qarab ketdik.

Hududga yetib kelganimizda u mahallalar allaqachon 3-massiv emas, “3-korpus” deb atalishi, eski mahallalar o‘rnida ko‘p qavatli uylar qurilib ketganini ko‘rdik. Shu yerlik yoshi kattalardan so‘rasak, ular na biz ko‘rsatgan manzilni, na Marlen Kexvishvilini tanishadi. Qo‘limizdagi ma’lumotlar hammaga begona. Bizga yordam berishga astoydil harakat qilishsa-da, lekin 30 yillar oldin raqamlangan ko‘cha va uylarni eslay olishmadi.

Bu urinishimiz ham besamar ketdi. Yo‘nalishli mikrobusga o‘tirib, ortga qaytarkanmiz, xaritada ko‘rsatilgan mahalladagi manzilga yetmasdan, 3-massivga ketib qolganimiz esga tushib, shu 13-ko‘cha va 5-uyni ham ko‘rib o‘tish uchun marshrutdan tushib qoldik. Shu uyni topib borib, darvozasini ham taqillatdik. Ammo afsuski, biz qidirgan inson bu yerda ham yashamasligi, hatto hech qachon yashamaganini aytishdi. Demak, bu yer ham biz qidirgan uy emas...




















