9 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyotida bola tanasidan 11 dona igna chiqarib olindi. 3 ta igna hozirgacha Azizbekning ichida kezib yuribdi. Shifokorlar bola qadam tashlashni boshlashi bilan qolgan ignalarni ham olib tashlashga qaror qilishgan. 

17 kunlik komadan omon chiqqan Azizbek 6 yoshga to‘ldi. U gapira olmaydi, emaklab yuradi. Go‘dak tanasiga bunchalar ko‘p igna qanday kirib qolgani esa hamon jumboqligicha qolyapti.

Quvonarlisi, og‘ir sinovlarga duch kelgan oilada yaqinda qiz chaqaloq tug‘ildi.

Uyimizda hech qachon bunday ko‘p igna ishlatilmagan...

“Ro‘zg‘orda bunchalik ko‘p igna ishlatmaganmiz. Nari borsa 3-4 ta ignadan foydalanar edik.

Havoxon Boltaboyeva, Azizbekning buvisi

U ham bo‘lsa xaltachada g‘altak ipga qadalgan holda devorda osilgan bo‘lardi. Azizbek esa o‘sha paytda endigina 11 oylik chaqaloq edi. Devorda osilib turgan narsani oladigan darajada emasdi. Hodisa qanday sodir bo‘lgan o‘zimiz ham hayronmiz.

O‘rtahol oilamiz. Qo‘shnilar ham hammasi yaxshi odamlar. Birov bizga dushmanlik ham qilmagan shu paytgacha, hech kimga xusumatimiz ham bo‘lmagan. Yaratganga shukr, Azizbek 5 yoshga to‘lganda singilli bo‘ldi. Birga ulg‘ayishyapti.

Azizbekning singlisi

Igna chiqqani haqidagi xabarni eshitib hayratdan qotib qolganmiz. Boshida ishonmadik. Rentgen tekshiruvlarida tanada igna borligi ko‘rsatilganidan keyin taqdirga tan berdik.

Nevaram Azizbekka biror kor-hol bo‘lgudek bo‘lsa qanday chidarkanman deb o‘zimni qo‘yarga joy topa olmay qolganman o‘shanda. Yaratganga shukr, nevaramni bizga qaytarib berdi. Bo‘yi bir me’yorda o‘syapti. Bog‘chaga boradi.