RF prezidenti ma’muriyatining Sergey Kiriyenko boshqaruvidagi siyosiy bloki 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Vladimir Putin bilan «raqobatlashadigan» «sparring-hamkorlar» vazifasini kimlar bajarishi bo‘yicha bir qarorga kelgan. «Meduza»ning Kremlga yaqin manbalariga ko‘ra, ularni saralashda asosiy mezonlardan biri yosh bo‘lgan. Unga ko‘ra, ro‘yxatga olinadigan nomzodlar orasida 50 yoshga chiqmagan siyosatchilar bo‘lmasligi kerak. Prezident administratsiyasi mulozimlari byulletenda yosh nomzodlar ham bo‘lishi rossiyaliklarni 70 yoshga chiqqan Putin — «endi hokimiyatga qattiq qo‘l bilan kelgan odam emas» deb o‘ylashga undashi mumkin, degan fikrda shu qarorga kelgan.
Ayni vaqtda prezident administratsiyasidagilar mo‘ljaliga ko‘ra, saylovlarda Putindan tashqari parlamentdagi uch partiya vakillari nomzod bo‘ladi: KPRF, LDPR va «Novyye lyudi» («Spravedlivaya Rossiya» partiyasi yetakchisi Sergey Mironov allaqachon uning partiyasi saylovda o‘z nomzodini ilgari surmasligi va Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan). Kreml KPRF partiyasidan Gennadiy Zyuganovni nomzod sifatida ko‘rmoqda. «Grudinin kabi [kommunistlar tomonidan 2018 yilgi saylovlarda nomzod sifatida ko‘rsatilgan biznesmen Pavel Grudinin] qora toychoqlar kerak emas. Zyuganov prezidentga yaxshi tanish, partiya yetakchisi sifatida maqomi bor, uning familiyasini har bir saylovchi biladi. Shu bilan birga, unda yuqori chegara bor — KPRFning azaliy elektorati, u yangi saylovchilarni jalb qilmaydi», — deya izohlagan nashrning prezident administratsiyasiga yaqin suhbatdoshi.

2008 yilgi prezidentlik saylovlarida Zyuganov 17 foiz ovoz olgan, 2012 yilda — 18 foiz. Bunday barqaror reyting Kreml uchun muhim — bo‘lajak saylovlarda Putin «rekord natija» qayd etishini ta’minlash rejalashtirilgan. Amaldagi prezident saylovdagi davomat 70 foizdan ortiq bo‘lgan holda 80 foizdan ortiq ovozga ega bo‘lishi kerak. Bunga esa nazariy jihatdan Grudinin bilan bo‘lgan voqea takrorlanishi xalaqit berishi mumkin — o‘shanda Kreml bilan kelishilgan nomzod reytingi kutilmaganda ko‘tarilib ketgan va administratsiya unga qarshi to‘laqonli qora piar kampaniyasi olib borishiga to‘g‘ri kelgandi. «Zyuganov bilan esa bunday ekssesslar (izdan chiqish) bo‘lmaydi», — deya ishonch bildirgan administratsiyaga yaqin suhbatdosh. Hozirda Zyuganovga ishonch reytingi 3 foizni («Levada-Tsentr» ma’lumoti) tashkil etadi, Kommunistik partiya reytingi esa — 10,2 foiz (VsIOM - Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi).



















