Jahon | 11:08 / 12.09.2023
6860
4 daqiqa o‘qiladi

AQShda 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlar qurbonlari xotirasi yod etildi

Nyu-York, Vashington va Pensilvaniyadagi teraktlar sodir bo‘lgan joylarda 3 mingga yaqin qurbonlar xotirasiga bag‘ishlangan marosimlar o‘tkazildi. 

Foto: Reuters

Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlarda halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. 11 sentabr, dushanba kuni ertalab Nyu-Yorkdagi terakt natijasida vayron bo‘lgan sobiq Butunjahon savdo markazi o‘rnida o‘tkazilgan marosimda ko‘plab siyosatchilar, qurbonlarning qarindoshlari va qutqaruvchilar ishtirok etdi. Unda AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarris va Nyu-York meri Erik Adams ham qatnashdi.

Birinchi bir daqiqalik sukut saqlash marosimi Butunjahon savdo markazining vayron qilingan minoralari o‘rnida joylashgan Graund-Zero majmuasida mahalliy vaqt bilan soat 8:46 da (Toshkent vaqti bilan 17:46) bo‘lib o‘tdi – aynan o‘sha paytda «Al-Qoida» terrorchi guruhi a’zolari tomonidan olib qochilgan samolyotlarning birinchisi Nyu-Yorkdagi egizak minoralardan biriga kelib urilgan. Bundan tashqari, qurbonlarning yaqinlari teraktlar oqibatida halok bo‘lgan qariyb 3 ming kishining ismlarini o‘qidi.

Blinken terrorizmga qarshi kurashni davom ettirish zarurligi haqida gapirdi 

Shuningdek, Pentagonda va Pensilvaniyadagi samolyot qulagan joyda motam tadbirlari bo‘lib o‘tdi. AQSh birinchi xonimi Jill Bayden Pentagonda halok bo‘lganlar xotirasiga gulchambar qo‘ydi, vitse-prezidentning turmush o‘rtog‘i Dug Emxoff esa Pensilvaniyadagi tadbirda ishtirok etdi. AQSh prezidenti Jo Bayden Hindistondagi G20 sammitidan qaytgach, Alyaskadagi harbiy bazada xotira nutqi bilan chiqish qildi. 

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken, 22 yil avval halok bo‘lganlar xotirasi uchun terrorizmga qarshi kurashni davom ettirish zarurligini eslatdi. O‘tgan yillar davomida Qo‘shma Shtatlar butun dunyodagi hamkorlari bilan terrorizmga chek qo‘yishga harakat qildi va buni davom ettirmoqda, dedi u. 

AQShda 9/11 teraktlari 

22 yil avval amalga oshirilgan teraktlar natijasida jami 2977 kishi, jumladan Nyu-Yorkda - 2753, Vashingtonda AQSh Mudofaa vazirligida - 184 va Pensilvaniyada - 40 kishi halok bo‘lgan. 2001 yil 11 sentabrda terrorchilar to‘rtta samolyotni egallab oldi. Ulardan birinchisi Butunjahon savdo markazining shimoliy minorasiga kelib urilgan, birozdan keyin janubiy minoraga xuddi shunday hujum uyushtirilgan, shundan so‘ng ikkala bino ham qulagan. Terrorchilar uchinchi samolyotni Vashington yaqinidagi Pentagon binosiga qarab yo‘naltirgan, to‘rtinchi samolyot esa Pensilvaniya shtatining Shanksvill shahrida yo‘lovchilar qarshilik ko‘rsatgach, halokatga uchragan. Ushbu samolyotni olib qochganlarning maqsadi noma’lumligicha qolmoqda.

Har yili 11 sentabr kuni Qo‘shma Shtatlarda ushbu hujumlar qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan marosimlar o‘tkaziladi. Hujumlardan keyin Vashington «terrorizmga qarshi urush» e’lon qildi. 2003 yilda Afg‘onistonga bostirib kirishdan so‘ng Iroq urushi boshlandi. 11 sentabr xurujlari tashkilotchisi va «Al-Qoida» yetakchisi Usama bin Lodin 2011 yilda uzoq davom etgan qidiruvlardan so‘ng Amerika maxsus kuchlari tomonidan o‘ldirilgan.

Mavzuga oid