AQSh Senati xususiy kosmik kompaniya bosh direktori Ilon Mask Ukraina qo‘shinlariga Qrimdagi Rossiya harbiy-dengiz kuchlariga hujum qilish uchun Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘idan foydalanishga ruxsat bermaganidan so‘ng SpaceX bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmoqchi. Bu haqda 11 sentabr, dushanba kuni kechqurun demokrat senator va Qurolli kuchlar qo‘mitasi a’zosi Elizabet Uorren ma’lum qildi.
«Kongress bu yerda nima sodir bo‘lganini va bizda tashqi siyosatni bir milliarder emas, balki hukumat yuritishini ta’minlash uchun yetarli vositalar bor-yo‘qligini tekshirishi kerak», — deya Uorren so‘zlarini keltirgan Bloomberg axborot agentligi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Mask boshqa yirik texnologiya kompaniyalari rahbarlari bilan birgalikda 13 sentabr kuni Senatdagi yopiq eshituvlarda ishtirok etadi.
Uorren, shuningdek, Pentagonni SpaceX bilan tuzilgan shartnomalarini tekshirishga chaqirdi. Uning pozitsiyasini Senat Qurolli kuchlar qo‘mitasi rahbari, demokrat Jyek Rid qo‘llab-quvvatladi. U mavjud vaziyatdan xavotir bildirib, sun’iy yo‘ldoshlar odatda hukumatlar tomonidan nazoratga olinishi va ularning ishlashi bo‘yicha qarorlar prezidentlar tomonidan qabul qilinishini ta’kidladi.
Ukrainaning Starlink’dan foydalanishi
Ukraina Rossiya harbiy harakatlari boshlanganidan so‘ng deyarli darhol Starlink’dan foydalanish huquqiga ega bo‘ldi. The New York Times (NYT) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil iyuliga kelib Kiyev 42 mingdan ortiq Starlink terminallarini qabul qilgan.
Senatorlar noroziligiga sabab bo‘lgan vaziyat 2022 yilda sodir bo‘lgan. The New York Times manbalariga tayanib, yozda u haqida yozgan. Ilon Maskning 12 sentabrda chiqqan tarjimai holida bu fakt tasdiqlangan.
Maskning biografi Uolter Ayzekson yozishicha, Ukraina suvosti dronlari Rossiya kemalariga yaqinlashganda, ular bilan aloqa uzilib, qirg‘oqqa chiqib ketgan. Kitobda aytilishicha, Mask «Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari bilan» suhbatdan so‘ng, Rossiya yadroviy qurol bilan javob qaytarishidan xavotirlanib aloqani uzishga qaror qilgan.
Ilon Maskning reaksiyasi
Biograf bilan suhbatda Mask Starlink «urushlarda ishtirok etish» uchun o‘ylab topilmaganini, u sun’iy yo‘ldoshlar orbitaga oqim xizmatlaridan, ta’lim portallaridan foydalanishni ta’minlash uchun chiqarilganligini ta’kidladi, shunda odamlar « dron hujumlarini amalga oshirmagan holda, tinchlik yo‘lida yaxshilik qilishi mumkin».

















