Latviya Yevropa Ittifoqining doimiy rezidenti maqomini olish uchun majburiy bo‘lgan Rossiya fuqarolari uchun latish tili imtihonini topshirish muddatini uzaytirdi. 14 sentabr, payshanba kuni Rigadagi Seym yakuniy o‘qishda immigratsiya to‘g‘risidagi qonunga mamlakatda yashovchi rossiyaliklarga ushbu imtihondan o‘tishi uchun yana ikki yil muddat beradigan tuzatishlarni qabul qildi, deb xabar tarqatdi Latviya parlamenti sayti.
Qabul qilingan tuzatishlar davlat tili imtihoniga yozilib, lekin imtihondan o‘ta olmagan, shuningdek uzrli sabablarga ko‘ra imtihonda qatnashmagan shaxslarga ikki yil muddatga vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma beradi. Bu vaqt ichida ular imtihon topshirishi va A2 darajasida latish tilini bilish sertifikatini olishi kerak. O‘tish davrida yashash uchun ruxsatnoma olgan rossiyaliklar ish bilan ta’minlash va davlat xizmatlarini, shu jumladan pensiya va nafaqalarni olish uchun cheksiz huquqqa ega bo‘ladi.
Seym imtihondan ozod qilish yoshini 65 yoshga tushirishni qo‘llab-quvvatlamadi
Imtihondan o‘tmagan, uni topshirish niyatida bo‘lmagan va Latviyani tark etishni rejalashtirgan rossiyaliklar yashash uchun ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risidagi yakuniy qaror kuchga kirgunga qadar ushbu mamlakatda qolishi mumkin. Shu bilan birga, deputatlar til imtihonidan ozod qilish yoshini 65 yoshga qisqartirish haqidagi qoidani qo‘llab-quvvatlamadi.
2022 yil oktyabr oyida Latviya Fuqarolik va migratsiya boshqarmasi 2003 yildan keyin Rossiya fuqaroligini olgan mamlakat rezidentlarining doimiy yashash ruxsatnomasi bekor bo‘lishini e’lon qildi. Latviyada doimiy rezident sifatida qolish uchun rossiyaliklar 1 sentabrga qadar yangi doimiy yashash ruxsatnomasi – Yevropa Ittifoqining doimiy rezidenti maqomini olishi kerak.
Shu tariqa, 2023 yil sentabr oyida Latviya hukumati Latviyada doimiy yashovchi bir necha ming Rossiya fuqarosidan ushbu mamlakatni tark etishni talab qilishi mumkin. Seymning Fuqarolik, migratsiya va ijtimoiy hamjihatlik bo‘yicha komissiyasi rahbari Ingmar Lidakining so‘zlariga ko‘ra, ular Yevropa Ittifoqi doimiy rezidenti maqomini olish uchun majburiy bo‘lgan latish tili imtihoniga yozilmaganlar va doimiy yashash ruxsatnomasini uzaytirish uchun hujjatlarni taqdim etmagan. «Bular na imtihon topshirishni, na vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomani olishni istamagan odamlar. Ya’ni, jim o‘tirganlar. Agar qonunga hozirgidek qaralsa, unda uch oy ichida davlatni tark etish talabini yuborish shartligi ma’lum bo‘ladi», dedi u avgust oyida.
















