To‘qayev: Qozog‘iston Yevrosiyoda tranzit habi sifatidagi mavqeyini mustahkamlash niyatida
Qozog‘iston prezidenti Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining V maslahat uchrashuvida nutq so‘zladi.
Qozog‘iston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha strategik yo‘nalishga qat’iy sodiqdir. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining V maslahat uchrashuvida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
«Qozog‘iston mintaqa mamlakatlariga eksport hajmini 175 nomdagi xomashyo bo‘lmagan tovarlari bilan ko‘paytirishi mumkin. Tovar ayirboshlash hajmini kengaytirishning asosiy omili mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Shuning uchun, mening fikrimcha, ular uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha ishlar ustuvor vazifaga aylanishi kerak», — deya To‘qayevning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Qozog‘iston rahbari matbuot xizmati.
Prezident Markaziy Osiyo davlatlarining transport-logistika salohiyatini to‘liq ishga solishga ham e’tibor qaratdi.
«Bu strategik hudud mintaqaning jadal rivojlanishi uchun tayanch nuqtasiga aylanishi mumkin. Biz dunyoning yangi iqtisodiy geografiyasi shakllanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Xitoy, Yevropa, Rossiya va Yaqin Sharq yo‘nalishidagi savdo oqimlarining oshishi kutilmoqda. Markaziy Osiyo global shimol va janubni, g‘arb va sharqni bog‘lovchi chorrahada joylashgan. Bu bizning jiddiy ustunligimiz bo‘lib, keng istiqbollarni ochadi. Hozirgi bosqichda Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi alohida o‘rin tutadi», — dedi To‘qayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston o‘zining eng yaqin hamkorlari bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan qator yirik loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishni maqsad qilgan. «Gap Do‘st-Mo‘yinti, Baxti-Ayag‘oz, Darboza-Maqtaaral temiryo‘l loyihalari, shuningdek, Janao‘zen-Turkmaniston chegarasi avtomobil yo‘li haqida bormoqda. Umuman olganda, Qozog‘iston Yevrosiyoda tranzit habi sifatidagi mavqeyini mustahkamlash niyatida», - deya ta’kidladi Qozog‘iston rahbari.
To‘qayev, shuningdek, xavfsizlik sohasida hamkorlikning mavjud mexanizmlarini takomillashtirish muhimligini qayd etdi.
«Bizda «Markaziy Osiyo» sayyohlik brendini birgalikda targ‘ib qilgan holda mamlakatlarimizning o‘ziga xos tabiati va madaniyatini butun dunyoga ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyat bor», - deb hisoblaydi To‘qayev.
«Ishonchim komilki, belgilangan vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi», – deya xulosa qildi u.
Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarov, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Bundan tashqari, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev uchrashuvda faxriy mehmon sifatida qatnashdi.
Mavzuga oid
21:23 / 13.11.2024
Dunyodagi zararli chiqindilarning bor-yo‘g‘i 1 foizi Markaziy Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ri keladi – To‘qayev
21:02 / 17.10.2024
Rossiyani harbiy jihatdan yengib bo‘lmaydi - To‘qayev
20:51 / 16.10.2024
Qozog‘iston BRICS a’zosi bo‘lishdan bosh tortdi
17:06 / 06.10.2024