Jahon | 08:40 / 19.09.2023
4367
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Kiyevga 400 mln yevrolik harbiy yordam paketini e’lon qildi

Ukrainaga yangi yordam paketi o‘q-dorilar, zirhli mashinalar va minalardan tozalash tizimlarini o‘z ichiga oladi, dedi Germaniya mudofaa vaziri Pistorius. Uning so‘zlariga ko‘ra, Taurus qanotli raketalarini yetkazib berish bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagan. 

Foto: Ann-Marie Utz/dpa

Germaniya hukumati Ukrainaga 400 million yevro miqdorida navbatdagi harbiy yordam paketini tayyorladi. Bu haqda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 18 sentabr, dushanba kuni chop etilgan Germaniyaning Bild gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi

Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, yangi paketga portlovchi va minomyot o‘q-dorilari, shuningdek, reaktiv snaryadlar kiradi. «Chunki o‘q-dorilar - shafqatsiz bosqinchilik urushiga qarshi mudofaa kurashida Ukrainaga eng zarur narsa», deb ta’kidladi u. Bundan tashqari, Ukraina qishda zarur bo‘ladigan zirhli texnikalar, minalardan tozalash tizimlari, shuningdek, issiq kiyim-kechak va generatorlar oladi, deya qo‘shimcha qildi vazir. 

Shu bilan birga, Pistorius Germaniya Ukrainaga parvoz masofasi 500 kmgacha bo‘lgan Taurus qanotli raketalarini jo‘natadimi, degan savolga javob berishdan bosh tortdi. Germaniya Mudofaa vazirligi rahbarining ta’kidlashicha, federal hukumat hali ham bu masala ustida o‘ylanmoqda va ko‘p jihatlarga aniqlik kiritish zarur. 

«Ramshtayn» formatidagi yangi uchrashuv 

Pistoriusning bayonoti Germaniyaning Kayzerslautern shahri yaqinidagi Ramshtayn AQSh harbiy-havo kuchlari bazasida bo‘lib o‘tadigan Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishi arafasida yangradi. Taxminlarga ko‘ra, uchrashuv davomida Berlin ukrainalik harbiylarni tayyorlashni kengaytirishni taklif qilishi mumkin. 

Germaniya mudofaa vaziri 19 sentabrga belgilangan yig‘ilishda ishtirok etishi kerak edi, biroq SARS-CoV-2 koronavirusi bilan kasallangan va o‘rniga o‘z vakillarini yuboradi.

Germaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Germaniyaning Ukrainaga harbiy yordami hajmi 5,4 milliard yevroni tashkil qiladi. 2022 yilda bu ko‘rsatkich 2 milliard yevroni tashkil qilgan.

Mavzuga oid