Ukrainada urushning 573-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Rossiya qo‘shini Ukrainaga kamikadze dronlar bilan hujum qildi. Lvivda hujum oqibatida omborxonada yong‘in chiqdi. Bir kishi halok bo‘lib, yana ikki kishi yaralangan.
- Xersonda rossiyaliklar snaryadi trolleybusga urildi. Politsiya serjanti halok bo‘lgan, tinch aholi vakillaridan ikki kishi jarohatlangan.
- Konstantinovkadagi bozorda, katta ehtimol bilan ukrainlarning «Buk» zenit-raketa kompleksidan uchirilgan raketasi portlagan, deyiladi The New York Times surishtiruvida. Ukraina xavfsizlik xizmati esa Konstantinovkaga zarba ortida RF armiyasi turganini ta’kidlashda davom etmoqda.
- Volodimir Zelenskiy Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasida chiqish qildi. U o‘z nutqida «Ukraina o‘zining hajmi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turgan yadro arsenalidan voz kechgani, ammo keyingi voqealar aynan Rossiya yadroviy qurolsizlantirishga ko‘proq loyiq bo‘lganini ko‘rsatgani»ni aytgan.
Lviv va Xerson bo‘ylab zarbalar
19 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Lvivga dronlar bilan hujum qildi. Qulab tushgan omborxona xarobalari ostidan ikki kishi qutqarildi va bir jasad olib chiqildi. BBC Ukraina jurnalistlari qayd etishicha, Lvivga dronlar hujumi keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon eng uzoq davom etgan hujum bo‘ldi: u ikki soatga yaqin davom etgan.
Xuddi shu kuni RF armiyasi Xerson bo‘ylab zarba berdi. Snaryad shahar trolleybusiga kelib urilgan. 49 yoshli politsiya serjanti Andriy Tarchinskiy halok bo‘lib, tinch aholi vakillaridan ikki kishi yaralangan.




























