17:39 / 20.09.2023
15265

Xose Venansio Lopes - O‘zbekiston futzal milliy jamoasi bosh murabbiyi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi futzal bo‘yicha yurtimizda o‘tkaziladigan 2024 yilgi jahon chempionatiga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rish maqsadida taniqli ispaniyalik mutaxassis Xose Venansio Lopes bilan muzokaralar olib bordi. 

Bugun, 20 sentabr kuni O‘FA rahbariyati va tajribali murabbiy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov xalqaro tajribaga ega mutaxassislar bilan hamkorlik qilish orqali kelgusida infratuzilmani Yevropa standartlari asosida shakllantirishga xizmat qilishini e’tirof etdi.

Xose Venansio Lopes 2024 yilgi O‘zbekiston futzal bo‘yicha Jahon chempionatini qabul qilishi katta voqea ekanligi, mamlakatda futbol va futzal rivojlanib borayotgani O‘zbekiston terma jamoasida ishlashga turtki bo‘lganini qayd etdi va bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirdi. Ispaniyalik mutaxassis terma jamoada ishlash bilan bir qatorda UYeFA va FIFA instruktori sifatida mahalliy murabbiylarni tayyorlash, milliy jamoalarga futzalchilar yetkazib berish bo‘yicha tizim ishlab chiqish, infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, Jahon chempionatining tashkiliy yo‘nalishlarida ham o‘z tajribasi bilan ko‘maklashishga tayyorgini ma’lum qildi.

«Shundan so‘ng, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Xose Venansio Lopes o‘rtasida shartnoma imzolandi. O‘FA rahbari oldinda turgan mas’uliyatli turnirlarga munosib tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha barcha sharoitlar taqdim etilishini ma’lum qilib, bosh murabbiyga omad tiladi», - deyiladi O‘FA xabarida.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillar davomida futzal milliy jamoasini Bahodir Ahmedov boshqargan edi.  O‘zbekiston 2024 yilda futzal bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Turnir 2024 yilning 14 sentabr kuni start oladi.

Ma’lumot uchun, Venansio ikki bor Ispaniya milliy jamoasini Yevropa chempioniga aylantirgan, jahon chempionati finaliga olib chiqqan. U klublar o‘rtasida Yevropa chempioni, Ispaniya chempioni, 3 karra kubok egasi, 3 bor Superkubok egasi sanaladi. Shuningdek, futzalda 5 bor jahonning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

Top