XIX asrda Xitoy shimoli-g‘arbiy qismidagi xueylar dunganlar qo‘zg‘olonidan keyin Markaziy Osiyoga kelib qolishgan. O‘zbekistonning xitoy musulmonlari 1926 yilda 132 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 90-yillarga kelib, ularning soni o‘n baravarga oshadi. Ular o‘z ona tilidan tashqari o‘zbek tilida ham mukammal gaplasha olishadi. Kun.uz muxbiri dungan elatining to‘yida bo‘lib, xueylarning kelib chiqishidan to O‘zbekistonga ko‘chish tarixi va bugungi hayot tarzi bilan qiziqdi.

Toshkentning yonginasida joylashgan O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi dungan etnik guruhi haqida reportaj qilish maqsadida Dungan milliy-madaniy markazi raisi Mane Savurov bilan bog‘landik. U esa bizni yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan dungancha to‘yga chaqirdi. Yaxshi taklif. Chunki to‘ylar - xalqlarning madaniyat va urf-odatlari haqida ma’lumot beruvchi eng ma’qul vosita.

Mane Savurov

O‘sha kun ham keldi.  Mane Davurovich tashlab bergan manzilni navigatorga solib, yo‘lga tushdik. Poytaxtdan 39 daqiqalik yo‘l ekan. Soat tonggi yettida kelinning xonadoniga yetib borishimiz kerak. Chunki kelinga tong sahardan milliy soch turmagi qilish marosimi boshlanadi. Bu udum dungan madaniyatining ajralmas qismi va to‘y kunining eng birinchi bosqichi hisoblanadi.

Xonadonga yetib kelganimizda allaqachon marosim boshlanib bo‘lgan ekan. Dunganlar – musulmon elat. Lekin ular qayerda yashashmasin o‘zlarining xitoycha urf-odat va tilini yo‘qotishmagan. Kelinlik kiyimi ham aynan xitoy madaniyatiga xos bo‘lib, u o‘sha xalqning taqinchoq va bezaklari bilan bezatiladi.

Hammasidan avval dungan musulmonlarining etnik kelib chiqishidan O‘zbekiston hududiga kelib qolish tarixigacha bo‘lgan ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Milodiy 7-asr. Kunlardan bir kuni Chin davlatining Tang imperatori tushida yashil kiyimdagi yigit uni yirtqich hayvondan qutqarganini ko‘radi. Donishmandlar imperatorga bu tush ta’birini yirtqich hayvon uning ko‘chmanchi dushmanlari, xaloskor yigit va yashil rang esa G‘arb tomonda paydo bo‘lgan Islom dinining ramzi ekanligi bilan izohlashadi va aynan shu din vakillarining yordami bilan imperiyani qutqarish mumkinligini bashorat qilishadi.