Muzokaralarda Ozarboyjon delegatsiyasiga parlament deputati Ramin Mamedov boshchilik qildi, joriy yil martida u Qorabog‘dagi arman aholi bilan aloqalar uchun mas’ul etib tayinlangandi.
Arman tomonidan muzokaralarda tan olinmagan respublika parlamenti deputatlari David Melkumyan va Areg Avagyan qatnashdi.
Chorshanba kuni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken vaziyatni barqarorlashtirishda ishtirok etish niyatida ekani xabar qilingandi, ammo Yevlaxdagi bu uchrashuvda AQSh vakillari yo‘q edi.
Muzokaralarning asosiy maqsadi — Qorabog‘ armanlarining yangi reallikka moslashishi uchun shart-sharoitlarni ishlab chiqishdan iborat. Ular hudud Ozarboyjon nazoratiga o‘tganidan keyin mintaqada etnik tozalash boshlanishi mumkinligidan xavfsiramoqda.
Ozarboyjon prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha vakili Elchin Amirbekov uchrashuvda arman tomoniga tinchlik shartnomasi loyihasi topshirilganini aytdi. UQorabog‘ning arman aholisini ijtimoiy-iqtisodiy integratsiya qilish rejasi allaqachon tayyor ekanini ma’lum qilib, bu integratsiya — Ozarboyjonning ichki ishi ekanini qayd etgan.
«Armaniston bilan kelishuv xalqaro huquqqa asoslangan beshta banddan iborat. Xususan, har ikki davlat bir-birining ishiga aralashmaslik majburiyatini oladi. Qorabog‘ armanlari bilan alohida kelishuv shart emas. Endi bu Ozarboyjonning ichki ishi», dedi u.
Ma’muriyat Qorabog‘ armanlari delegatsiyasi birinchi navbatda yonilg‘i va oziq-ovqat bilan yordam qilishni so‘rashganini ma’lum qilgan.
Bu vaqtda Yerevanda Qorabog‘da yashovchi armanlarni Armanistonga ko‘chirishni tashkil qilish uchun tayyorgarlik boshlangan.
Yevroittifoqdagilar ham mazkur hududdagi armanlarning taqdiridan xavotir bildirgan. Ayrim siyosatshunoslar taxmin qilishicha, Qorabog‘da faqat o‘zi tug‘ilgan uylarni tashlab ketishni istamaydigan keksa yoshli armanlar qolishi mumkin.
«Poytaxt rasmiylari ohangi»



















