Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga xavfsizlik uchun qo‘shimcha 128 million dollarlik yordam beradi, shuningdek, 197 million dollarlik qurol va o‘q-dorilarni yetkazadi. Bu haqda 21 sentabr, payshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Nyu-Yorkda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvi yakunida ma’lum qildi.
Jami 325 million dollarlik paketga 155 mm artilleriya snaryadlari, Avenger havo mudofaa tizimlari, HIMARS YaO‘RT uchun o‘q-dorilar, UUAlarni urib tushirish uchun pulemyotlar, tankka qarshi raketalar, bir qator boshqa qurollar, 3 milliondan ortiq patronlar va 59 ta harbiy texnika kiradi. Ro‘yxatda, shuningdek, o‘tmishda Ukrainaning ba’zi ittifoqchilari tomonidan munozarali tarzda qabul qilingan kassetali o‘q-dorilar ham tilga olingan.
Paketda kelajakdagi yetkazib berishlar orasida «havo mudofaasi uchun» yozuvi bo‘lgan AIM-9M Sidewinder raketalari mavjud. Bu «havo-havo» raketalari bo‘lib, ular Amerika harbiy samolyotlari tomonidan qo‘llanadi - ularning ro‘yxatga kiritilishi «F-16’ni kelajakda yetkazib berish uchun asos bo‘lishi mumkin», deb ta’kidlaydi BBC media-kompaniyasining rus xizmati. Qo‘shma Shtatlar avvalroq Kiyevga qiruvchi samolyotlar yetkazib berishni ma’qullagan edi, biroq bu ukrainalik uchuvchilar uchun o‘quv kurslari tugagandan keyingina amalga oshadi.
Kiyev ATACMS raketalarini hozircha olmaydi
Kiyevga yetkazib beriladigan qurollar yangi ro‘yxatida HIMARS uchun ATACMS raketalari haqida gap yo‘q. Zelenskiy va Bayden uchrashuvi oldidan Amerika yetakchisining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ular keyinroq Kiyevga yetkazilishi mumkinligini aytdi.
AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Jon Kirbi Sallivanning so‘zlarini tasdiqladi. «Men shunchaki aytmoqchimanki, biz ukrainaliklar bilan jang maydonida ularga nima kerakligi haqida gaplashishda davom etamiz», dedi u Ukraina va AQSh rahbarlarining uchrashuvidan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda. Kirbi ta’kidlashicha, Zelenskiyning o‘zi yangi qurol paketini urushda «aynan uning kuchlariga kerak bo‘lgan narsa» deb atagan.
Ukraina havo mudofaasini qiyin qishga tayyorlamoqda
Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar oldida chiqish qilgan Bayden M1 Abrams tanklarining dastlabki partiyasi «kelgusi hafta» Ukrainaga yetib borishini va’da qildi. «Yilning eng sovuq va qorong‘i kunlarida bizni issiq va yorug‘lik bilan ta’minlaydigan muhim infratuzilmani himoya qilish uchun Ukraina havo mudofaasini kuchaytirishga ham e’tibor qaratganmiz», — dedi Bayden.







