Prezident Shavkat Mirziyoyev shu hafta Nyu-Yorkda bo‘lib, C5+1 formatida prezidentlar ishtirokidagi ilk muloqotda qatnashdi, BMT Bosh Assambleyasida global masalalar bo‘yicha O‘zbekistonning pozitsiyasini ilgari surdi. Siyosatshunoslar Hamza Boltayev va Kamoliddin Rabbimov “Geosiyosat” dasturida bu tashrifning muhim nuqtalari haqida so‘z yuritdi.

— Strategik sheriklik maqomidagi O‘zbekiston va AQSh munosabatlari hozirgi vaqtda qay darajada?

Hamza Boltayev: AQSh va O‘zbekiston munosabatlarida 2016 yildan oldingi holatga nisbatan ancha iliqlashuvni ko‘rish mumkin. AQSh – sobiq ittifoq tarqagach, O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan birinchi davlatlardan.

Ikki o‘rtadagi munosabatlarda turli davrlar – iliqlashuv, yomonlashuv, hatto sanksiyalargacha borib ketilgan paytlar bo‘ldi. Hozir esa munosabatlar juda ham yaxshi darajada. Hozirda kelishilgan va deklarativ xarakterdagi bayonotlarni amalga oshirish choralarini ko‘rishni boshlash ham maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.

Kamoliddin Rabbimov: O‘zbekiston tashqi siyosatida AQSh 4 ta katta geosiyosiy vektorlardan biri hisoblanadi, bular: Xitoy, Rossiya, global janub va AQSh.

Markaziy Osiyo makrohudud bo‘lib, 2016 yildan buyon alohida sub’yekt bo‘lishga harakat qilib kelyapti. Markaziy Osiyo markazidagi davlat esa O‘zbekiston. O‘zbekistonning AQSh bilan munosabatlari yuqorida aytilgan qolgan 3 ta vektor bilan toroziga solinadi, ya’ni AQSh bilan munosabatlar ijobiy neytral pozitsiyada deyish mumkin. AQSh hozir biz uchun opponent bo‘lgan davlat emas. Andijon voqealaridan to 2010 yilga qadar Vashington Toshkent uchun opponent edi, bu davrda munosabatlar sovuq bo‘ldi. 90-yillar o‘rtalaridan 2004 yilgacha esa O‘zbekiston tashqi siyosatida rasmiy Vashingtonga yo‘nalish olgan edi, ammo bu ichki siyosatda o‘z aksini topmadi, ya’ni inson huquqlari, demokratiyada ko‘rinmadi. O‘sha davrda O‘zbekiston qattiq avtoritar davlat bo‘lishi bilan birgalikda, AQShga yo‘nalish olgan edi.

2016 yilda O‘zbekiston tashqi siyosati o‘zgardi. Ungacha O‘zbekiston dixotomiya (bir tomon bilan yaqinlashish va boshqa tomonlar bilan uzoqlashish) konsepsiyasida tashqi siyosat olib borardi, ya’ni oq va qora. Biror bir qudratli davlatga yo‘nalish olardi va o‘sha davlat opponentlari O‘zbekistonga ham opponent bo‘lardi. Bugungi kunda unday emas. O‘zbekiston muvozanat saqlashga harakat qilyapti. Rossiya, Xitoy, Turkiya, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston kabi davlatlar bilan ijobiy munosabatda bo‘lib kelyapti. Ular o‘rtasidagi ziddiyatlar O‘zbekistonga taalluqli emas, degan pozitsiya bor.