Angliya: Evans — «MYu qahramoni

«Manchester Siti» – «Nottinghem Forest» 2:0
Gollar: 1:0 – 7 Foden, 2:0 – 14 Holand.
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Ruben Diash, Akandji, Gvardiol, Rodri, Foden (Grilish, 87), Mateush Nunesh, Doku (Fillips, 51), Holand, Alvares (Ake, 57).
Nottinghem Forest – Terner, Ayna (Origi, 75), Oriye (Hadson-Odoi, 56), Boli, Niakate, Nunu Tavaresh (Montiyel, 39), Gibbs-Uayt, Dominges, Mangalya, Sangare (Elanga, 56), Avoniyi (Vud, 75).
Chetlatish: Rodri (46).

Chempionning g‘olibona yurishi ancha ishonchli davom etdi, «Nottinghem»ning mudofaasi Rodrining aqlli harakati evaziga yorib o‘tildi. Ispaniyalikning diagonal pasidan keyin Uoker to‘pni zarba berish uchun qulay pozitsiyada paydo bo‘lgan Fodenga tashlab berdi. Umuman olganda, bu yakunlovchi shtrixlar  edi, amalda «Siti» futbolchilari golli hujum davomida 46 bor aniq uzatma berishgandi. Yana ikki pas bo‘lganida 2014 yilda «Tottenhem» tomonidan o‘rnatilgan rekord takrorlangan bo‘lardi.

Ko‘p o‘tmay Holand o‘z golini urdi va uchrashuv taqdiri o‘yin startidayoq hal bo‘lgandek ko‘ringandi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshida Rodri raqibning bo‘ynidan bo‘g‘gani uchun qizil kartochka olib, maydonni tark etdi, Gvardiola shogirdlari esa bo‘limni asosan himoyada o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Yakunda g‘alabali hisob saqlanib qoldi, lekin Rodri ikki turni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuboradi va oktyabr oyida «Arsenal»ga qarshi o‘yinda qatnasha olmaydi.

«Byornli» – «Manchester Yunayted» 0:1
Gol: 0:1 – 45 Brunu Fernandesh.
Byornli – Trafford, Robers, Bayyer, Al-Dohil, Teylor, Braunhill (Benson, 86), Kallen, Remzi (Berge, 73), Gudmundsson (Ndayishimiye, 20), Koliosho (Bruun Larsen, 73), Amduni (Rodriges, 73).
Manchester Yunayted – Onana, Diogu Dalot, Evans (Amrabat, 89), Lindelyof, Regilon (Varan, 79), Kazemiro, Brunu Fernandesh, Maktominey, Mujbri, Reshford, Hoylund.
Ogohlantirishlar: Diogu Dalot (13), Regilon (55).

Inqiroz holatidagi «MYu» autsayderga qarshi o‘yinni ham sust boshladi. Ammo Myunxenda juda g‘alati harakatlari bilan yodda qolgan Onana qutqardi va Amdunining burchakka yo‘llangan xavfli zarbasini qaytardi. Keyin esa mehmonlarga darvoza ustuni yordamga keldi va «qizil iblislar» vaqt o‘tib o‘ziga kela boshladi. Dastlab, Evansning burchak zarbasidan keyin urgan goli bekor qilindi, bu vaziyatda ofsayd holatida turgan Hoylund darvozabonga xalal bergan deb topildi. Ammo 35 yoshli himoyachi tushkunlikka tushmadi va birinchi bo‘lim oxirida ajoyib pas berdi va Brunu Fernandesh to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘lladi. Autsayder jamoa ustidan g‘alaba qozonish uchun shu golning o‘zi yetarli bo‘ldi, ammo «MYu»ning muammolari qanchalik chuqurligini APLda debyut qilgan Amrabat o‘yin oxirida chap qanot himoyachi pozitsiyasini yopish uchun tushirilgani ham ko‘rsatib turibdi.