Norvegiya Yevropada asosiy gaz sotuvchisi sifatida Rossiya o‘rnini egalladi. Foto: AFP

Yevropa yangi inqirozga chap bera oladimi yoki vaziyat qishning iliq yoki qahraton kelishiga bog‘liq bo‘ladimi? Rossiyadan boshqa joydan keladigan gaz avariya va ish tashlashlar tufayli uzilib qolib, yevropaliklarni belni mahkamroq siqishga majbur qilmaydimi? Hozircha bu borada Yevropani umidlantiradigan yangiliklar bor, deb yozadi BBC.

Barchasi risoladagidek ketgan taqdirda ham, asosiy ko‘zir qarta hamon Putin qo‘lida. Agar u va-bankka ketishni lozim topsa va Yevropaga o‘tkazilgan Ukraina va Turkiya orqali tortilgan so‘nggi ikki gaz quvurini ham berkitsa — Yevropa keng ko‘lamli energetika inqirozidan qochishi dargumon. Faqat, kelayotgan qishda emas va aynan to‘ldirilgan zaxiralar tufayli.

Omborlar limmo-lim

An’anaga ko‘ra, Yevropadagi yerosti gaz omborlarining bahorga borib tagi ko‘rinib qoladi va noyabr oyigacha — Shimoliy Yevropada odamlar gaz bilan isitish tizimidan foydalana boshlagach to‘ldiriladi. O‘tgan qish odatdagidan iliqroq keldi, omborlarda to‘plangan gazning yarmidan ko‘pi ishlatilmay qoldi. Holbuki 2021 yilda zaxiraning chorak qismi qolgandi.

Biroq, shu yil aprelida Rossiyadan gaz yetkazilishi tarixiy minimumga tushgach, Yevropa Ittifoqi gaz yetkazish butunlay uzib qo‘yilishidan cho‘chib, o‘z oldiga oshirilgan majburiyat qo‘ydi: 1 noyabrga qadar omborlarni 90 foizga to‘ldirish. O‘tgan yili, hali «Shimoliy oqim» portlatib yuborilmaganida mo‘ljal biroz kamroq edi — 80 foiz.

Orttirilgan me’yor avgust oyi o‘rtalaridayoq bajarildi, endi gaz omborlari o‘rtacha 95 foizga to‘ldirilgan.

Ayrim mamlakatlarda, masalan, Latviya va Fransiyada hozircha 90 foiz, biroq gazni saqlash uchun asosiy yerosti quvvatlari joylashgan davlatlar — Germaniya, Niderlandiya, Avstriya va Vengriyada omborlar allaqachon 95 foizga to‘ldirilgan.

Yevropa gaz omborlaridagi gaz zaxirasi sarfi. Infrografika: BBC