25 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev temiryo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda «O‘zbekiston temiryo‘llari»ning nosohaviy aktivlarini sotish yoki boshqa tarmoqlarga o‘tkazish, sotishdan tushgan mablag‘larni temiryo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi. Endilikda «O‘TY»ning nosohaviy aktivlarda ishtiroki qat’iy taqiqlanadi.

Kun.uz «O‘zbekiston temiryo‘llari» egalik qiladigan nosohaviy tadbirkorlik sub’yektlari bilan qiziqib ko‘rdi.

Ochiq manbadagi ma’lumotlarga ko‘ra, «O‘TY» ko‘plab korxonalarda ulushdor. Ular orasida ko‘mir, plita hamda pechka, qurilish mahsulotlari va hatto yirik shoxli qoramollarni ko‘paytirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari ham bor.

«Sharg‘un ko‘mir» AJ

«O‘zbekiston temiryo‘llari» 2007 yilning 17 mayida tashkil etilgan, toshko‘mir qazib olish bilan shug‘ullanuvchi «Sharg‘un ko‘mir» AJning 51 foiz ulushiga egalik qiladi.

Ma’lumot uchun, 2017 yil noyabr oyida uzoq yillar «O‘zbekenergo» tarkibida bo‘lgan «O‘zbekko‘mir» AJ va «Sharg‘unko‘mir» AJning aksiyalari paketi «O‘zbekiston temiryo‘llari»ga topshirilgandi. 2020 yilda «O‘zbekko‘mir» Qozog‘iston kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berildi.

«Eyvalek maxsus temir beton» MChJ

1995 yil 13 aprelda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan »Eyvalek maxsus temir beton» MChJning 100 foizlik egasi ham «O‘zbekiston temiryo‘llari» hisoblanadi. Faoliyat turi betondan qurilish uchun buyumlar ishlab chiqarish bo‘lgan korxonaga Aziz Muratov rahbarlik qiladi.

«Ugam-Chotqol davlat biosfera rezervati» unitar korxonasi

«O‘zbekiston temiryo‘llari» egalik qilayotgan navbatdagi muassasa – «Ugam-Chotqol davlat biosfera rezervati». Mazkur qo‘riqxona hukumatning 2018 yildagi qarori bilan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Ohangaron va Parkent tumanlari hududida tashkil etilgan. Xususan, «Shovvozsoy» dam olish maskani ham Ugam-Chotqol milliy tabiat bog‘i tasarrufida hisoblanadi.