Jahon | 08:33 / 27.09.2023
3107
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Qorabog‘ga insonparvarlik yordamini oshiradi

YeI tomonidan ajratiladigan mablag‘lar Armanistondagi qochqinlarga ham, Qorabog‘da qolganlarga ham yordam ko‘rsatish imkonini beradi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar insonparvarlik yordami haqida e’lon qildi.

Foto: Alain Jocard/AFP/Getty Images

Qorabog‘ inqirozi sabab ortib borayotgan ehtiyojlarga javoban Yevropa Ittifoqi humanitar yordam mablag‘ini 5 million yevrogacha oshirmoqda. Bu haqda 26 sentabr, seshanba kuni Yevrokomissiya matbuot xizmati ma’lum qildi. «Qorabog‘ anklavida o‘tkir oziq-ovqat taqchilligi kuzatilmoqda, elektr va suvdan foydalanish imkoni yo‘q. Mojaroning kuchayishi va keyingi o‘t ochishni to‘xtatish Qorabog‘dan Armanistonga aholining ommaviy ketishiga sabab bo‘lishi kutilmoqda», deyiladi xabarda.

Bryusselning ta’kidlashicha, 5 million yevrolik mablag‘ o‘tgan hafta e’lon qilingan favqulodda yordam uchun 500 000 yevro va 4,5 million yevro yangi moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi. Ajratilgan mablag‘lar Qorabog‘dan Armanistonga o‘tayotgan qochqinlarga yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Bu yordam Yevropa Ittifoqining Armanistonda ishlovchi turli humanitar hamkorlari tomonidan yetkaziladi va 25 mingga yaqin odamni qamrab oladi, deya qayd etdi Yevrokomissiya. Naqd pul yordami, boshpana, oziq-ovqat xavfsizligi va tirikchilik uchun yordam berish ustuvor vazifadir.

Yevropa Ittifoqi Qorabog‘ga insonparvarlik masalalari bo‘yicha ekspert yuboradi

Bundan tashqari, Qorabog‘ning o‘zida ham zaif qatlamlarga yordam ko‘rsatiladi. U Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi orqali yo‘naltiriladi va taxminan 60 000 kishi uchun oziq-ovqat, tibbiy xizmatlar va boshqa yordamlarni o‘z ichiga oladi. «Yevropa Ittifoqi mintaqaga humanitar ekspert yubormoqda, u inqirozga tezkor javob berish uchun joylarda hamkorlar bilan yaqindan ishlaydi», deya ma’lum qildi Bryussel.

Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, e’lon qilingan yangi mablag‘ bilan qo‘shib hisoblaganda, Yevropa Ittifoqi 2020 yilda Qorabog‘ mojarosi avj olganidan beri 25,8 million yevrodan ortiq humanitar yordam ko‘rsatdi.

AQSh Armanistonga 11,5 million dollar ajratadi

Qo‘shma Shtatlar Qorabog‘dan ko‘chirilgan odamlarga humanitar yordam ko‘rsatish doirasida Armanistonga 11,5 million dollar ajratadi, dedi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbari Samanta Pauer. «Mablag‘lar oziq-ovqat sotib olishga, ijtimoiy va psixologik yordamga sarflanadi», dedi Pauer Armanistonni Qorabog‘ bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi yaqinidagi Kornidzor qishlog‘ida jurnalistlarga.

Qorabog‘dan 19 ming aholi evakuatsiya qilindi 

Armaniston hukumati Qorabog‘dan 19 ming mahalliy aholi evakuatsiya qilingani to‘g‘risida xabar berdi. Bu haqda 26 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Armaniston bosh vaziri o‘rinbosari Tigran Xachatryan ma’lum qildi. 

Bir kun avval Yerevan rasmiylari tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi va Armaniston o‘rtasidagi chegarani 13,5 mingdan ortiq odam kesib o‘tgani haqida xabar bergan edi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid