06:04 / 28.09.2023
46342

Sergelidagi hodisa oqibatida jarohatlanganlar bor

SSV hodisa joyida va uning atrofidagi uylarda jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani, IIV jabrlanganlar soniga aniqlik kiritilayotgani haqida xabar berdi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi omborxonada ro‘y bergan portlash oqibatida jarohatlanganlar shifoxonalarga olib kelinmoqda. SSV matbuot xizmati holat yuzasidan dastlabki ma’lumotlarni taqdim etdi.

«Bugun, 28 sentabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahar Sergeli tumani «Quruvchilar» dahasida joylashgan omborxonalarning birida kuchli chaqnash oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan.

Ushbu yong‘in oqibatida jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyat filialiga olib kelingan. 

Hozirga qadar ular orasida o‘ta og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q. Ayni paytda shifokorlar tomonidan jabrlanganlarga barcha kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Davolash muassasalarida tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifokorlarimiz va barcha zarur dori-darmon zaxirasi yaratilgan. Yong‘in oqibatida voqea joyi va uning atrofidagi xonadonlarda jarohatlanganlarga ham shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. 

Hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi», deyiladi xabarda.

O‘zbekiston IIV ham holat yuzasidan ma’lumot bergan.

«Joriy yilning 28 sentabr kuni soat 03:00 da FVV Toshkent shahar boshqarmasi navbatchilik qismidan tushgan xabarga ko‘ra, Sergeli tumani Qipchoq ko‘chasida joylashgan «Inter Logistika» MChJga tegishli omborxonada chaqnash oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in maydoni hamda jabrlanuvchilar soni haqidagi ma’lumotlarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda. 

Hodisa sodir bo‘lgan joyda Toshkent shahar IIBB hamda  sohaviy xizmat xodimlarining shaxsiy tarkibi, FVVning 12 ta avtosisterna va 4 ta maxsus jihozlangan avtomashinasi, tez-tibbiy yordam xodimlari ishlamoqda», deyilgan xabarda.

Mavzu
Sergelida kuchli portlash
2023 yil 28 sentabr soat 02:52 da Toshkentning Sergeli tumani Quruvchilar dahasidagi omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top