Zarshid Qamarov hamda Azizbek Yusupov maktabning 11-sinfiga o‘tishdi. Shunga qaramay ular allaqachon IT yo‘nalishida ma’lum qadamlarini tashlab ulgurdi. Hozir ular topayotgan mablag‘ katta bir oilani bemalol ta’minlay oladi.
IT – so‘nggi yillarda aynan ushbu qisqartma ibora juda ommalashdi. Ya’ni axborot texnologiyalari. Yoshlarning aksariyati “aytishnik” bo‘laman, deyapti. Sohaga katta yoshlilar ham qiziqa boshladi. Umuman olganda, ushbu sohaga zamonaviy, kelajagi bor yo‘nalish sifatida qaralmoqda.
Aytish mumkinki, “Bir million dasturchi” loyihasi qisqa vaqt ichida axborot texnologiyalariga qiziqishi bo‘lgan bir necha yuz minglab yoshlarga ushbu soha bilan shug‘ullanish, maxsus kurslarda qatnashish, bir qator imtiyozlar va kasb-hunarli bo‘lish imkoniyatini bermoqda.


Bizning suhbatdoshlarimiz ham aynan shu loyiha va tashabbus ortidan o‘zini kashf qilayotgan, kelajagini belgilab olayotgan yoshlardir.
Samarqand shahridagi 9-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchilari Zarshid Qamarov hamda Azizbek Yusupov allaqachon IT yo‘nalishi bo‘yicha ma’lum qadamlarini tashlab ulgurdi.

“Men robototexnika hamda radiotexnikaga qiziqaman. Dastlabki amaliy ishimni maktabimizning o‘zida qo‘llab ko‘rdim. Odatda qo‘ng‘iroq chalish uchun har kuni bir o‘qituvchi mas’ul bo‘lib, tanaffus va dars vaqtida qo‘lda qo‘ng‘iroq chalib, hammani ogohlantiradi. Men yaratgan “Aqlli qo‘ng‘iroq” o‘qituvchilarimizni aynan mana shu yumushdan qutqardi. Maxsus kod kiritilgan ushbu qurilma kerakli vaqt davomida tanaffus va dars vaqtini bildiruvchi qo‘ng‘iroq chaladi. Shu uchun ham kimdir band bo‘lishiga ehtiyoj qolmadi. Buyurtma asosida Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga ham xuddi shunday “Aqlli qo‘ng‘iroq” yasab berdim”, – deydi Azizbek Yusupov.
Azizbek ushbu qurilmani yasash uchun uncha katta mablag‘ ketmasligini aytmoqda. Barcha ta’lim muassasalariga xuddi shunday “Aqlli qo‘ng‘iroq”larni o‘rnatish mumkin.


















