O‘zbekiston | 18:56 / 29.09.2023
2576
2 daqiqa o‘qiladi

Xususiy sektorga qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlashga ruxsat beriladi

O‘zbekistonda donor qoni va uning tarkibiy qismlarini xususiy tartibda to‘plash, tayyorlash, qayta ishlash va saqlashni amalga oshirishga ruxsat berilishi kutilmoqda. Tegishli qonunni Senat ma’qulladi. 

Foto: Shutterstock

Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida «Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi. 

Qayd etilishicha, mamlakatda donor qonidan dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, farmakologik vositalar va dori vositalarining klinik tadqiqotlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish maqsadida tarmoqdagi ayrim cheklovlarni bekor qilish, shuningdek, dori vositalarini va farmatsevtika mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish shartlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelgan. 

Qayd qilinishicha, «Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida»gi qonunga ixtisoslashtirilgan farmatsevtika tashkilotlariga donor qoni va uning tarkibiy qismlarini xususiy tartibda to‘plashni, tayyorlashni, qayta ishlashni va saqlashni amalga oshirishga ruxsat beradigan o‘zgartirishlar kiritilmoqda. 

«Qonun bilan donor qoni va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlash va qayta ishlashni xususiy tartibda amalga oshirishga bo‘lgan taqiq bekor qilinayotgani, ya’ni ushbu soha davlat monopoliyasidan chiqarilayotgani nihoyatda muhim. Biroq, shuni ham aytish kerak, qon va uning tarkibiy qismlarini to‘plash, tayyorlashning qat’iy va o‘zgarmas maxsus standartlari bo‘lishi shart! Bu oddiy ish emas. Ayniqsa bugungi kunda qon bilan yuqadigan turli kasalliklarning mavjudligi bu borada nihoyatda katta mas’uliyat, yuksak malaka va sinchkovlikni talab qiladi», dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva. 

Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun qon preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni mahalliy ishlab chiqarish hisobidan qoplashga, dori vositalarining yangi turlari ishlab chiqarilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Mavzuga oid