MILAN – LATsIO (30 sentabr, 21:00)

«Latsio» hozircha turnir jadvalida pastki pog‘onalarda yurgan bo‘lsa-da, baribir, ayniqsa, markaziy o‘yinlarda xavfli bo‘lib qolaveradi. Rimliklarning safarda «Napoli» ustidan g‘alaba qozongani, shuningdek, «Atletiko» bilan esda qolarli uchrashuvi so‘zimizga yaqqol isbot bo‘la oladi. Bu omil «Milan» uchun navbatdagi qiyin sinov kutib turganini anglatishi turgan gap.

«Inter»ning mag‘lubiyati qaysidir ma’noda «ko‘k-qora»larning u qadar mukammal emasligi va boshqa jamoalarda ham imkoniyat bo‘lishini ko‘rsatib berdi va bundan foydalanishi lozim bo‘lgan kuchlardan biri, albatta, «Milan» bo‘ladi. Faqat to‘plar nisbati bo‘yicha hamshaharlaridan ortda turgan Pioli shogirdlari «Inter»ning qoqilishlariga tayyor turishi va imkon qadar ochko yo‘qotmasligi kerak. Milanda 4 uchrashuvdan beri «Latsio»ni yengib kelayotgan mezbonlar ushbu an’nanani davom ettirishiga to‘g‘ri keladi.

«Milan» hozirda gol urish bo‘yicha A Seriyaning peshqadamlaridan biri bo‘lib turibdi. «Latsio» esa himoyasi bilan maqtana olmaydi. Har ikki jamoa ham uch kun oldin 6-turda maydonga tushishdi, har ikkisini kelasi hafta Chempionlar Ligasi kutib turibdi. Xulosa qilish mumkinki, bu o‘yin xatolardan holi bo‘lmagan, ancha ochiq tomosha bo‘ladi. Xatolar esa bilamizki, gollarni ko‘paytiradi, o‘yinni yanada qiziqroq qiladi.

Tarkiblar borasida «Milan» kelasi oy oxirigacha Rade Krunichni maydonga tushira olmaydi. «Latsio» safida esa Alessio Romanolining yo‘qligi bilinsa kerak. Tajribali himoyachi «Torino»ga qarshi o‘yinni to‘liq o‘tkazgan bo‘lsa-da, keyinchalik burnini operatsiya qildirgani ma’lum bo‘ldi. Bu sabab bilan u kamida yana ikki hafta mashg‘ulotlarga qayta olmasa kerak.

TOTTeNHEM – LIVeRPUL (30 sentabr, 21:30)

«Manchester Siti»ni qavs ichiga olsak, yangi mavsumda eng yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan ikki jamoa APL markaziy o‘yinida to‘qnash keladilar. «Brayton» va «Arsenal» muxlislari xafa bo‘lishmasin, lekin tan olish kerak, bu jamoalarning ko‘rsatayotgan o‘yini syurpriz emas, kutilgan edi. Yangi murabbiy bilan va Harri Keynsiz «Tottenhem» hamda yarimhimoyasini butunlay yangilagan «Liverpul»ning mavsumni bu tarzda yuqori darajada boshlashi rostan ham turnirni bezab bermoqda. Eng muhimi, jamoalarda o‘sish uchun ham hali salohiyat ko‘rinib turibdi.

«Tottenhem» allaqachon «MYu», «Arsenal» kabi top-raqiblar bilan o‘ynab bo‘ldi va har ikki uchrashuvda ham tashabbuskor o‘yin namoyish etdi. Aynan shu tomoni jamoaning boshqa yo‘nalishga o‘zgarayotganidan darak. «Liverpul» esa Yurgen Klopp xarakteriga monand ravishda iroda va ruhiyatni namoyish qilmoqda. Jamoa juda ko‘p marta, hatto Yevropa Ligasida ham irodali g‘alabalarga ko‘p erishdi. Tabiiyki, olov va muz to‘qnashuvi, tizim va xaos qarama-qarshiligi APL muxlislari uchun navbatdagi shedevr ssenariyni taqdim etsa ajab emas.