28 sentabr kuni Toshkentning Sergeli tumani Quruvchilar dahasidagi Interlogistics kompaniyasiga qarashli omborda sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida 26 ta ko‘p qavatli uydagi 592 ta xonadon hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, bitta maktab va ikkita bog‘cha binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetdi.

Toshkent shahar hokimi zarar ko‘rgan xonadonlar va ijtimoiy obektlarni ta’mirlashni poytaxt tumanlarining hokimliklariga taqsimlab berdi.

Kun.uz bosh vazir matbuot kotibi Behzod Hidoyatovga xususiy kompaniya yetkazgan zarar nima uchun mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplanayotgani, “Interlogistics”ning moddiy zararni qoplash yuzasidan javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilayotgani yoki yo‘qligi haqida savol yo‘lladi.

Foto: Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov

Hidoyatovning aytishicha, hukumat farmoyishida amalga oshirish lozim bo‘lgan va kechiktirib bo‘lmaydigan masalalarga urg‘u berilgan. U MChJ yetkazgan zarar davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘ri emasligini ta’kidladi.

“Hukumat komissiyasi raisining o‘rinbosari Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umrzoqov bo‘lgani uchun ijroni tashkil etish maqsadida poytaxtning har bir tumaniga ish taqsimlab bergan. To‘g‘ri, haqiqan ham mablag‘ ajratilyapti, lekin budjetdan emas, zaxira mablag‘laridan. Shunday vaziyatlar uchun o‘zini hurmat qilgan mamlakat alohida fond yuritadi va zarur hollarda undagi mablag‘lar ishlatiladi.

Siz aytayotgan gap to‘g‘ri, MChJ yetkazgan zararni davlat budjetidan bo‘ladimi, zaxira mablag‘laridan bo‘ladimi, qoplab berish noto‘g‘ri. Lekin ayni paytda u yerda 600ga yaqin xonadonga zarar yetgan: deraza romlar, uylarning fasad qismi, devorlari ko‘chib ketgan. Havo sovib boryapti, har bir xonadonda 4 nafardan odam yashaganda ham bu 2400 odam degani. Shuncha odam sovuqda qolishi mumkin. Tezkor chora ko‘rish uchun zaxira fonddan mablag‘ olindi. Yangilangan konstitutsiyada ham davlat xalqiga g‘amxo‘rlik qilish kafolatlab qo‘yilgan. Shuning uchun shu qarorga kelingan, prezidentimiz topshiriq qo‘yganlar”, – dedi Hidoyatov.