Ispaniya: «Real» «Jirona»ning joyini ko‘rsatib qo‘ydi

«Jirona» – «Real» 0:3
Gollar: 0:1 – 17 Xoselu, 0:2 – 21 Tchuameni, 0:3 – 71 Bellinghem.
Jirona – Gassaniga, Yan Kouto, Blind, Erik Garsiya, Migel Guterres, David Lopes (Portu, 60), Aleish Garsiya, Errera, Tsigankov (Fernandes, 46), Dovbik (Stuani, 60), Savio (Torre, 79).
Real – Arrisabalaga, Karvaxal, Nacho, Ryudiger, Kamavinga, Kroos, Valverde, Tchuameni, Bellinghem (Seballos, 74), Vinisius Junior (Rodrigo, 68), Xoselu.
Ogohlantirishlar: Erik Garsiya (64), Arrisabalaga (84), Ryudiger (90), Stuani (90).
Chetlatish: Nacho (90).

«Jirona»ning sensatsion starti Kataloniyaning ushbu jamoasining «Real»ga qarshi o‘yinini turning asosiy to‘qnashuviga aylantirdi. Qolaversa, bahordagi o‘yinni ko‘pchilik yoddan chiqarmagan, o‘shanda oq-qoralar jamoasi Kastelyanosning pokeri bilan (4:2) hamyurtlari «Barselona»ga chempionlik poygasida yordam berib yuborgandi. Faqat bir marta pand yegan madridliklar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishgan. Bu safar jironaliklar mehmonlarni o‘yin boshidagi dadil harakatlari bilan ham, bosh murabbiy Michelning taktik yangiliklari bilan ham hayron qoldira olmadi.

Ilk xavfli vaziyat — va Bellinghem «shvedka» bilan (tovonining tashqi qismi) to‘pni Xoseluga qulay qilib tashlab berdi. Kroos burchakdan to‘p uzatdi — va Tshuameni nihoyat «Real» safidagi 59-o‘yinida ilk golini nishonladi. Ikki zarbada ikki gol — buni mahorat desa bo‘ladi. Bellinghem esa hisobni yirik ko‘rinishga keltirishi mumkin edi, ammo uning yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib bergan zarbasini darvozabon to‘sa oldi. Ammo angliyalik futbolchi ikkinchi bo‘limda baribir Gassanigani ilojsiz ahvolda qoldirdi. «Barsa»ga bu safar yordam kelmadi va bir kun turnir jadvali peshqadami bo‘lib turgan yana ikkinchi o‘ringa qaytdi. Derbidagi mag‘lubiyatdan keyin ikki o‘yinda g‘alaba qozongan Madrid jamoasi birinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Ammo o‘yin yakunida Nachoning foli «Real» muxlislarini ranjitdi. U qo‘shimcha daqiqalarda qarshi hujumga chiqib ketayotgan Portuning oyog‘iga tashlanib, unga jarohat yetkazdi va kichik janjal ham keltirib chiqardi. Himoyachi raqib hujumchisi Stuaniga nimadir dedi va Ryudiger vaziyatga aralashib sariq kartochka oldi. Anchelotti esa jamoasining uchinchi golini o‘ziga xos bo‘lmagan ko‘tarinkilik bilan nishonladi. Chunki bu uning faoliyatida «Jirona» bilan o‘yinlardagi ilk g‘alaba bo‘ldi. Endi italiyalik mutaxassis la ligada o‘zi qarshi o‘ynagan barcha 27 jamoa ustidan kamida bir marta g‘alaba qozongan.