Sport | 14:22 / 01.10.2023
14327
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo O‘yinlari. O‘zbekiston Xirosima-1994dan keyin ilk bor yarimfinalga chiqdi

Temur Kapadze murabbiyligidagi O‘zbekiston olimpiya jamoasi futbolchilarimizning Osiyo O‘yinlaridagi 29 yillik noxush an’anasiga chek qo‘ydi.

Hanchjou-2022 turniri futbol bahslarining chorakfinalida Saudiya Arabistoni ustidan 2:1 hisobida g‘alabaga erishgan O‘zbekiston olimpiya jamoasi yarimfinalga yo‘llanma oldi.

Hozirga qadar Osiyo O‘yinlari tarixida vakillarimiz faqat bir marta – 1994 yilgi Xirosimada o‘tgan turnirda Rustam Akramov va Birodar Abduraimov murabbiyligidagi jamoamiz yarimfinalga chiqa olgan va yakunda Osiyo O‘yinlari g‘olibiga aylangandi. O‘tgan 29 yil ichida 7 marta musobaqada qatnashgan futbolchilarimiz nihoyat noxush an’anaga chek qo‘yib, yarimfinalga chiqishdi. 

Ma’lumot uchun, 1998 yil Ubiraja Veyga Da Silva murabbiyligida chorakfinal, 2002 yil Viktor Borisov qo‘l ostida guruhda 3-o‘rin, 2006 yil Rauf Inileyev murabbiyligida chorakfinal, 2010 yil Ahmad Ubaydullayev boshqaruvida chorakfinal, 2014 yil Mirjalol Qosimov qo‘l ostida nimchorakfinal, 2018 yil Ravshan Haydarov murabbiyligida esa chorakfinalga qadar yetib kelingan. Kapadze murabbiyligida esa 2023 yil yarimfinalga chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, Kapadze shogirdlari yarimfinalda Xitoy – Janubiy Koreya uchrashuvi g‘olibiga qarshi o‘ynaydi. Yarimfinal o‘yini 4 oktyabrda o‘tkaziladi.

Mavzuga oid