Nahimul Haku 22 yoshda. U Hindistondan kelgan. Ayni damda Samarqand davlat tibbiyot universitetining 2-bosqich talabasi. Bu universitet haqida u vatanidagi reklamalar orqali xabar topgan va universitet bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘langan. Shu orqali oliygoh haqida ma’lumot olib Samarqandda o‘qishga qaror qilgan.

Nahimul Haku

— Ota-onam o‘qituvchi, singlim maktabda tahsil oladi. Men ham hayotda o‘z maqsadlarimga erishish uchun harakat qilyapman va shu sababdan O‘zbekistonga keldim. Samarqandda bir yil yashadim, hozir ikkinchi yil davom etyapti. Bu shahar ilk kelganimdayoq menga yoqqan, lekin, iqlimi Hindistonnikidan boshqacharoq bo‘lgani uchun ko‘nikishga qiynalganman.

Men bu yerda o‘zimni juda xavfsiz his qilaman, chunki biror marta bezorilik yoki jinoyatga duch kelmadim. Shaharda jamoat transporti ham qulay va arzon. Avtobus va taksilar doim topiladi. Bir yo‘nalishda tramvay qatnovi ham mavjud va bu juda yaxshi. Lekin, men hayron qolgan holatlardan biri bu — aksariyat aholi mashinada yurishi bo‘ldi. Ularni ishlab chiqargan zavod ham bir xil. Ko‘chada velosepedda yurganlarni ham kam uchratdim.

Bizning yana bir farqli jihatimiz taomlar va yegulikda deb o‘ylayman. Hindistonda asosan, «chapati» (non turi) va achchiq guruchli ovqatlar iste’mol qilamiz. Bu yerda esa qalampir mening yurtimdagidek ko‘p yeyilmas ekan. Albatta, milliy taomlaringizga ham sekin-sekin moslashyapmiz.

Odatda Siyob bozor va Vokzal bozoriga xarid uchun boramiz. Sotuvchilar bilan muloqotda ba’zi muammolar ham bo‘lib turadi. Bunday vaziyatda biz Google translate’dan foydalanamiz. Shu orqali odamlar bilan aloqa qilishimiz mumkin. Bozorda sotuvchilar bizga ajoyib muomala qilishadi. Ba’zan bizning mashhur hind aktyorlarni e’tirof etib, hazillashishadi ham.

Universitet sharoitlari ham yaxshi. Darslar ingliz tilida olib boriladi. Professor o‘qituvchilardan ta’lim olamiz. Ular bilan ham muammo yo‘q. Ta’lim jarayoni sifatli. Ayniqsa, bu yerda davomatga jiddiy e’tibor qaratiladi. Agar sababsiz darsga qatnasha olmasangiz o‘zingizga muammo bo‘ladi. O‘ylashimcha, bu tibbiyot oliygohi talabalari uchun normal holat. Chunki, har qanday muvafaqqiyat ortida xuddi shunday qat’iy intizom turadi.

Shu bilan birga, universitet rahbariyatiga bir masala yuzasidan iltimos va taklif kiritmoqchi edim. Bu kontrakt to‘lash jarayoni bilan bog‘liq masala. Biz hozirda kontrakt pulini universitetga vositachilar orqali to‘layapmiz. Bu esa bizda biroz xavotir uyg‘otadi va men kabi boshqa talabalar uchun ham ba’zi muammolarni keltirib chiqaradi. Agar shu jarayon oliygoh va talaba o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshsa, ortiqcha tushunmovchiliklar bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.