O‘zbekiston | 17:33 / 02.10.2023
7873
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri bilan muzokara o‘tkazdi

O‘zbekiston va Qatar yetakchilari ikki tomonlama sheriklikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga kelishib oldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

2 oktyabr kuni Dohadagi «Amiri Devon» majmuasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy muzokara o‘tkazdi.

Unda siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, an’anaviy va «yashil» energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qurilish, turizm, moliya va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun 2024 yil yanvar oyida Dohada qo‘shma Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi va biznes forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Qatarning ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, biotexnologiyalar va sun’iy intellekt, «yashil» energetika borasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Dohada O‘zbekiston madaniyati va turizm haftaligini o‘tkazishga kelishib olindi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amaliy ilgari surish masalalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Tomonlar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirdilar.

Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari bir qator qo‘shma «yo‘l xarita»larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini yaratish topshirig‘ini berdi.

Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plami imzolandi.

Mavzuga oid