Jahon | 08:47 / 03.10.2023
3864
3 daqiqa o‘qiladi

Berbok: «Yevropa Ittifoqi Lissabondan Luhanskkacha cho‘ziladi»

Kiyevda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining norasmiy uchrashuvida Germaniya tashqi ishlar vaziri Ukrainaning Yevroittifoqqa tezroq qo‘shilishiga ishonch bildirdi.

Foto: REUTERS / SCANPIX

Ukraina, jumladan, hozirda Rossiya nazorati ostidagi hududlari yaqinda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘ladi. Bunday fikrni Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok 2 oktyabr, dushanba kuni Kiyevda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida bildirdi.

«Ukrainaning kelajagi - Yevropa Ittifoqida. Bizning erkin hamjamiyatimizda. Tez orada u Lissabondan Luhanskkacha cho‘ziladi», - dedi Germaniya diplomatiyasi rahbari. Berbokning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hududining har bir metri, ozod qilingan har bir qishloq bilan «Ukraina Yevropa Ittifoqiga yo‘l ochmoqda». 

Berbok: Ukraina «qishki himoyaga» muhtoj 

Shu bilan birga, Germaniya TIV rahbari Kiyevning yordamga muhtojligi sovuq havo yaqinlashib borayotgani sari ortayotganini qayd etdi. Shuning uchun Ukrainaga havo mudofaasini o‘z ichiga olgan «qishki himoya» kerak, dedi vazir. Shu bilan birga, uning qo‘shimcha qilishicha, yevropaliklar endi Kiyevga yetkazib beradigan ko‘plab tizimlarga ega emas. 

Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga yo‘li 

2022 yil iyul oyida Ukraina rasman YeIga kirish uchun nomzod davlat maqomini oldi. Berbokning so‘zlariga ko‘ra, o‘shandan beri Kiyev «ta’sirchan» islohotlarni - adliya va ommaviy axborot vositalari sohasida ham, «og‘ir mavzu - korrupsiya» nuqtai nazaridan ham boshladi. 

O‘z navbatida, Fransiya tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna Kiyevda bo‘lganida Ukraina «Yevropa oilasi»ning bir qismi ekanini, Rossiya esa «yevropaliklarning charchagani bilan hisoblashmasligini» aytdi. 

29 sentabr kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari Granadada (Ispaniya) Kiyevning Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni shu yil oxirigacha boshlash haqidagi chaqirig‘ini muhokama qildi. Yevropa komissiyasi noyabr oyining boshidan kechiktirmay bu borada o‘z tavsiyalarini berish niyatida. Yakuniy qaror dekabr oyi o‘rtalarida Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida qabul qilinishi kerak. Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun Yevropa Ittifoqining barcha 27 a’zosi roziligi talab qilinadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid