O‘zbekiston | 18:02 / 04.10.2023
14427
2 daqiqa o‘qiladi

Joylarda paxtaga majburlash holatlari kuzatilyapti. Deputat bunga batamom barham berishga chaqirdi

“Alohida mansabdor shaxslar va ayrim hokimlar tomonidan odamlarni ommaviy ravishda paxta yig‘im-terimiga jalb qilish harakatlari bugungi O‘zbekistonning progressiv siyosatiga zid”, deb bayonot berdi deputat Bobur Bekmurodov. Uning so‘zlariga ko‘ra, klasterlar va fermerlar o‘rtasidagi qiymat va foyda zanjirlarini qayta ko‘rib chiqish kerak.

Foto: Kun.uz

Shu kunlarda ayrim tumanlarda odamlarni noqonuniy paxtaga jalb qilish holatlari jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Bu holatga “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, deputat Bobur Bekmurodov e’tibor qaratdi.

U Telegram-kanalida e’lon qilgan postida O‘zbekistonda har mavsumda 6-7 million aholi, shu jumladan ayollar, bolalar, talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining majburiy mehnatiga barham berilganini qayd etgan.

“Qisqa davr ichida O‘zbekiston o‘nlab xalqaro tashkilotlar va hukumatlarning mazkur yo‘nalishdagi "qora ro‘yxatlari"dan chiqarildi, boykotlar bekor bo‘ldi. Mamlakatimizda majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanib, qisqa davr ichida 300 dan ziyod mansabdorlar javobgarlikka tortildi.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz rahbarining siyosatida inson huquqlarini ta’minlash, ayniqsa majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslikka qat’iy e’tibor qaratilmoqda”, – degan Bobur Bekmurodov.

Uning ta’kidlashicha, alohida mansabdor shaxslar va ayrim hokimlar tomonidan odamlarni ommaviy ravishda paxta yig‘im-terimiga jalb qilish harakatlari bugungi O‘zbekistonning progressiv siyosatiga zid. Bunday harakatlarga to‘laqonli barham berish, eskicha boshqaruv yondashuvlaridan batamom voz kechish zarur.

“Shuningdek, mamlakatimizda paxta sanoatining muhim o‘rnini inobatga olgan holda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va tegishli idoralar klasterlar va fermerlar o‘tasidagi qiymat va foyda zanjirlarini qayta ko‘rib chiqishi lozim.

O‘z o‘rnida, klasterlar ijtimoiy mas’uliyatli biznes qoidalariga rioya qilishi, fermerlar bilan o‘zaro munosabatlarda ijtimoiy manfaatlarni inobatga olishlari shart”, – degan Qonunchilik palatasi deputati.

Mavzuga oid