A guruhi

Onana ten Hagni «ko‘mdimi»?

«Manchester Yunayted» – «Galatasaroy» 2:3
Gollar: 1:0 – 17 Hoylund, 1:1 – 23 Zaa, 2:1 – 67 Hoylund, 2:2 – 71 Oqturko‘g‘li, 2:3 – 81 Ikardi.
«Manchester Yunayted» – Onana, Diogu Dalot, Varan, Lindelyof, Amrabat (Marsiyal, 89), Kazemiro, Maunt (Antoni, 85), Mejbri (Eriksen, 46), Brunu Fernandesh, Reshford (Garnacho, 68), Hoylund.
«Galatasaroy» – Muslera, Boe, Bardakchi, Sanches, Anxelinio (Ndombele, 84), Oyxon (Nelsson, 84), Torreyra (Serjiu Oliveyra, 61), Zaa (Mertens, 72), Oqturko‘g‘li, Tete (Yilmaz, 61), Ikardi.
Ogohlantirishlar: Torreyra (31), Kazemiro (34), Diogu Dalot (38), Boe (61), Serjiu Oliveyra (85).
Chetlatish: Kazemiro (77).

«MYu» o‘yinni juda tetik va kuchli boshlab, raqibni darhol taslim etmoqchi ekanini namoyish etdi. Reshfordning qanotdan uzatmasidan Hoylund hisobni ochganida bu muqarrardek ko‘rinayotgandi. Lekin keyin «qizil iblislar» bu mavsumdagi o‘ziga xos holatiga qaytishdi. O‘z darvozasi oldida ham, raqib darvozasi tomonda ham.

Birinchi epizod — Zaa jarima maydoni ichida to‘p uchun kurashda Diogu Dalotdan ustun keldi va «Old Trafford»dagi hushtakbozliklar fonida hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi epizod — o‘ta qulay pozitsiyadan hujum qilgan Maunt darvoza to‘rini emas, o‘z jamoadoshi Mejbrini nishonga oldi. Uchinchisi — Sanches maydon markazida toyib ketdi va Hoylund yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, jamoasini yana oldinga olib chiqdi.

Lekin Erik ten Hag xursandchilik qilishga ulgurmadi. To‘rt daqiqa o‘tmasdan mehmonlar hisobni tenglashtirishdi. Va bu hali hmmasi emasdi. Ushbu murabbiy qattiq harakat qilib olib kelgan Onana yana uyaltirdi, uning himoyadan chiqishdagi xato uzatmasi nafaqat darvozaga penalti qo‘yilishiga, balki Kazemiro chetlatilishiga olib keldi. Ikardi «nuqta»dan aniq zarba berolmagan bo‘lsa-da, bir kishi kam bo‘lib qolgan mezbonlar hisobni ushlab qola olishmadi. Ikkinchi javob golida ham xatoga yo‘l qo‘ygan Amrabat qanot himoyachisi vazifasi umuman unga emasligini ko‘rsatib berdi — u to‘pni maydon markaziga uzatganida Sanches to‘pni to‘sib chiqib, boshi  bilan oldinga tashlab berganida ortda qolib ketdi va ofsayd chizig‘ini ushlay olmadi, Ikardi esa «Yunayted»ni nokautga uchratdi.

Angliyaliklar mavsumdagi o‘n o‘yinda 18 gol o‘tkazib yuborishdi. Bu ularning 1966 yildan buyon eng yomon natijasidir. «Galatasaroy» esa aynan shu jamoaga qarshi o‘yinda ilk bor Britaniya orollarida g‘alaba qozona oldi.