Jahon | 08:31 / 05.10.2023
3978
3 daqiqa o‘qiladi

Moldovada «Shor» partiyasi yetakchilariga saylovda qatnashish taqiqlandi

Moldova parlamenti tomonidan qabul qilingan tuzatishlarga ko‘ra, avval konstitutsiyaga zid deb tan olingan «Shor» partiyasining bir qator a’zolari uch yil muddatga saylovlarda ishtirok etishi taqiqlanadi. 

Foto: DW

Moldova parlamenti 4 oktyabr, chorshanba kuni birinchi va ikkinchi (yakuniy) o‘qishda avval konstitutsiyaga zid deb e’tirof etilgan va tarqatib yuborilgan deb topilgan «Shor» partiyasi yetakchilarining saylovda ishtirok etishini taqiqlovchi qonun loyihasini qabul qildi.

Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, partiyaning konstitutsiyaga zid deb topilishiga sabab bo‘lgan jinoyatlarda gumon qilingan yoki ayblanayotgan shaxslar uch yil muddatga saylanish huquqidan mahrum etiladi. Shuningdek, xalqaro sanksiyalarga olib kelgan harakatlar uchun javobgar shaxslar, saylovoldi tashviqotini moliyalashtirish shaffof bo‘lmagani sababli avvalgi saylovlardan chetlashtirilganlar ham yangi saylovlarda ishtirok eta olmaydi. 

Endi Moldova Markaziy saylov komissiyasi o‘zgartirishlar kiritilishi lozim bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini tuzishi kerak. 6 oktyabrdan mahalliy saylovlar bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanadi. 

«Shor»ning konstitutsiyaga zid partiya sifatida tan olinishi 

«Shor» partiyasiga qarshi birinchi jinoiy ish – noqonuniy moliyalashtirish bo‘yicha – Moldovada 2022 yil iyulida ochilgan. Tergov materiallariga ko‘ra, partiya o‘shanda birgina yilning birinchi yarmida 600 ming yevrodan ortiq mablag‘ sarflagan, xarajatlar bo‘yicha rasmiy hujjatlarda esa bu miqdor oltmish baravar kam bo‘lgan. 2023 yil 19 iyun kuni Moldova Konstitutsiyaviy sudi «Shor»ni konstitutsiyaga zid partiya sifatida tan oldi, qochoq oligarx Ilan Shor esa bank firibgarligida ayblanib, sirtdan 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan. Sudyalar partiya qonun ustuvorligi tamoyillariga zid ish qilgan, mamlakat suvereniteti va mustaqilligiga tahdid solgan, deb topdi.

Moldova Saylov kodeksining yaqin vaqtgacha amalda bo‘lgan qoidalariga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud tomonidan konstitutsiyaga zid deb topilgan partiyaning ijroiya organlari a’zosi bo‘lgan shaxslar besh yil davomida saylovda qatnasha olmaydi. Biroq, «Shor» a’zolarining shikoyatidan so‘ng, 3 oktyabr kuni Moldova Konstitutsiyaviy sudi bu qoidalarni konstitutsiyaga zid deb topdi va ularni bekor qildi. Ammo mamlakat parlamenti tomonidan yangi qonun qabul qilinganidan keyin ham «Shor» vakillari saylovda qatnasha olmaydi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid